Prezidentning 30.12.2022 yildagi “2023-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-465-son qarori qabul qilindi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar, idoralar tomonidan 2023-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- 2023 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishning asosiy parametrlari hamda 2024-2025 yillar uchun maqsadli moʻljallar;
- 2023 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish doirasida moliyalashtiriladigan yoʻnalishlarning asosiy parametrlari;
- 2023 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi ob’yektlarini ishga tushirish va yangi quvvatlar yaratishning maqsadli koʻrsatkichlari hamda 2024-2025 yillar uchun maqsadli moʻljallar;
- 2023 yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ob’yektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash boʻyicha manzilli roʻyхatlar;
- 2023 yilda ma’muriy, muhandislik-infratuzilma, alohida muhim va toifalangan ob’yektlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish boʻyicha manzilli roʻyхat;
- 2023 yilda huquqni muhofaza qilish va mudofaa ob’yektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish boʻyicha manzilli roʻyхat va boshqalar.
Byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan ob’yektlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlarining manzilli roʻyхatlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishiladi.
2023 yildan boshlab Dastur doirasida mahalliy byudjetlardan
moliyalashtiriladigan loyihalarning (ob’yektlarning) manzilli roʻyхatlari hududiy iqtisodiyot va moliya boshqarmalari bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻrnatilgan tartibga muvofiq 2023 yil 1 yanvardan boshlab mahalliy hokimliklar, vazirliklar, idoralar va хoʻjalik birlashmalariga:
- loyihalarni (ob’yektlarni) moliyaviy resurslar bilan ta’minlash imkoniyatini Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishmasdan Dasturga kiritish;
- shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi boʻyicha Qurilish va uy-joy kommunal хoʻjaligi vazirligi bilan kelishmasdan Dasturga kiritilgan loyihalarning (ob’yektlarning) loyihaviy yechimlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida taklif tayyorlash taqiqlanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 30.12.2022 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.