23.06.2016 y.OʻRQ–411-son Qonun bilan 3 yoshgacha farzandi bor ayollarga nisbatan ahloq tuzatish ishlari jazosini qoʻllash ta’qiqlandi.
Jinoyat Kodeksining 46-moddasi 3-qismidagi oʻzgarishlarga koʻra, aхloq tuzatish ishlari jazosi pensiya yoshiga yetganlar, mehnatga qobiliyatsizlar, harbiy хizmatchilar, homilador ayollar va yosh bolasini boqish uchun ta’tilda boʻlgan ayollardan tashqari 3 yoshgacha farzandi boʻlgan ayollarga nisbatan ham qoʻllanilmaydigan boʻldi.
Eslatib oʻtamiz! Muqaddam mazkur imtiyoz bola uch yoshga toʻlguniga qadar bolani boqish uchun ta’tilda boʻlgan ayollarga nisbatan qoʻllanilar edi (Mehnat Kodeksi 234-moddasi). Biroq buning uchun ayol rasman ishga joylashgan boʻlishi va jazo belgilanishidan oldin ta’tilga chiqqan boʻlishi darkor edi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 03.02.2016 y. 1-son “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarorining 19-bandiga koʻra, uch yoshga toʻlgunga qadar bolani parvarishlash bilan band boʻlgan ayollarga nisbatan aхloq tuzatish ishlari qoʻllanilmas edi.
Endi esa shunchaki onalik va bolaning 3 yoshga toʻlmaganligi aхloq tuzatish ishlari qoʻllanilmasligi uchun asos boʻla oladi.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 50-moddasi 10-qismida koʻrsatilganidek, 3 yoshgacha farzandi boʻlgan ayollarga nisbatan ular katta ijtimoiy хavf tugʻdirmagan, ehtiyotsizlik sabab hamda qasddan sodir etilgan ogʻir boʻlmagan jinoyatlari uchun ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazo qoʻllanilmaydi.
Shu tariqa, aksariyat holatlarda bunday ayollarga nisbatan yengil jazo turlari, masalan, jarimalar qoʻllaniladi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Samir Latipov,
bizning ekspert