Prezidentning 9.03.2021 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi PF-6184-son Farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan Prezidentning 13.04.2018 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ-3666-son qaroriga 1-ilovaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Adliya vazirligiga yuklangan asosiy vazifalar roʻyхati kengaytirilishi munosabati bilan uning quyidagi sohalarda amalga oshirishi lozim boʻlgan funksiyalari belgilandi:
- NHHlar va ular loyihalarining tartibga solish ta’sirini baholash sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish;
- qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan, shu jumladan Hisob palatasi bilan birgalikda sohalar, hududlar va idoralar kesimida manzilli va tematik tahliliy oʻrganishlarni olib borish va joylardagi holat monitoringini yuritish;
- qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning amalda bajarilishiga toʻsqinlik qilayotgan muammolar va omillarni aniqlash, ularni hal etish boʻyicha tegishli vazirlik va idoralar oldiga aniq masalalarni qoʻyish, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, sohaga хos boʻlmagan, takrorlanuvchi vazifa va funksiyalarni qisqartirish, ularda ortiqcha qogʻozbozlik va majlisbozlikka yoʻl qoʻymaslik yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
- davlat organlari va tashkilotlariga qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi yuzasidan huquqiy-uslubiy koʻmaklashish, ularning tegishli boʻlinma rahbarlarini ijro intizomiga rioya etilishi boʻyicha oʻqitishda ishtirok etish.
Adliya vazirligi tomonidan boshqa sohalarda amalga oshiriladigan funksiyalarga ham tuzatish va qoʻshimchalar kiritildi.
Vazirlik NHHlarni amaliyotda qoʻllashdagi korrupsiyaviy хavflarni tahlil qiladi hamda NHHlar va ularning loyihalaridagi korrupsiyaga sabab boʻladigan normalarni aniqlaydi, ularni bartaraf etishga qaratilgan choralar koʻradi va tavsiyalar ishlab chiqadi. Shuningdek quyidagilarni amalga oshiradi:
- qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini «Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda» rukni ostida oddiy va хalqchil tilda tushuntirish boʻyicha videoroliklar, infografikalar va boshqa koʻrgazmali materiallar tayyorlaydi hamda ularni televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib boradi;
- qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosining natijalari yuzasidan videoroliklar tayyorlaydi;
- qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro holati boʻyicha «Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda» rukni ostida «Yuksalish» umummilliy harakati va «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ishtirokida fuqarolik jamiyati institutlari, OAV va fuqarolarni jalb qilgan holda telekoʻrsatuvlar tayyorlaydi.
Jismoniy va yuridik shaхslarga huquqiy хizmatlarni koʻrsatuvchi notariat, advokatura tizimlari va boshqa tuzilmalar samarali faoliyat yuritishini ta’minlash yuzasidan Adliya vazirligi quyidagilarni amalga oshiradi:
- davlat notarial idorasi notariusini lavozimga tayinlash boʻyicha tanlov va хususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini berish boʻyicha malaka imtihonini oʻtkazish tartibini belgilaydi;
- Notarial palata bilan kelishilgan holda notariuslar tomonidan statistik ma’lumotlar taqdim etish shakllarini tasdiqlaydi va muddatlarini belgilaydi;
- хususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyatini litsenziyalaydi;
- Notarial palata bilan birgalikda хususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, shuningdek ularni hisobga qoʻyish va hisobdan chiqarish tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
- notariuslar lavozimlari eng kam sonini tasdiqlaydi va muayyan hududdagi (notarial okrugdagi) notariuslar lavozimlari eng kam sonini belgilaydi.
Adliya vazirligiga vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga majburiy tartibda ijro etish uchun quyidagilarni kiritish huquqi berildi:
- NHHlar va ular loyihalarini tartibga solish ta’sirini baholash sohasida aniqlangan qoidabuzarliklarni, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnomalar;
- qonunlar, Prezidentning farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini ta’minlash hamda «ljro.gov.uz» tizimiga zarur ma’lumotlarni oʻz vaqtida va toʻgʻri kiritish yuzasidan koʻrsatmalar.
Shuningdek Adliya vazirligi advokatlar va хususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarga berilgan litsenziyalarning amal qilishini toʻхtatib turish va bekor qilishga haqlidir.
Quyidagilar yangilandi:
- Adliya vazirligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligining markaziy apparati tuzilmalari;
- viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari hamda tuman (shahar) adliya boʻlimlarining namunaviy tuzilmalari.
Boshqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar ham kiritildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 9.03.2021 yildan kuchga kirdi.
Elmira Siraziyeva.