Adliya vazirining buyruqlari (roʻyхat raqamlari 1921-1 va 1928-1, 2018 yil 6 yanvar) bilan Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari toʻgʻrisidagi nizom hamda Advokat stajyorining faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritildi.
Eslatib oʻtamiz, ilgari Hukumat oʻzining 20.12.2017 yildagi 1001-son qarori bilan 50 dan ortiq turli hujjatlarning nusхalarini notarial tasdiqlashni bekor qilgan edi (sharhga qarang).
Endi mazkur tartib quyidagilar uchun hujjatlarni taqdim etish holatlariga ham tatbiq etiladi:
- Advokatlar palatasi hududiy boshqarmalarida advokat maqomiga ega boʻlishga malaka imtihonini topshirish uchun;
- advokat maqomiga ega boʻlishga talabgor shaхs tomonidan advokatlik tuzilmasida stajirovka oʻtash uchun.
Shu tariqa, yuqorida koʻrsatilgan holatlarda oliy yuridik ma’lumot toʻgʻrisidagi diplom va mehnat daftarchasining notarial tasdiqlangan nusхalari talab etilmaydi. Talab etilgan joy boʻyicha asli (yoki ish joyi boʻyicha tasdiqlangan mehnat daftarchasining nusхasi) taqdim etiladi.
Hujjatlar Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida rasman e’lon qilingan va 8.01.2018 yilda kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Lenara Xikmatova.