Vazirlar Mahkamasining 8.01.2021 yildagi «Xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi 2-son qarori bilan Xotin-qizlar muammolarini «Ayollar daftari»ni yuritish orqali tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha vaqtinchalik tartib tasdiqlandi.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan hokimliklar bilan birgalikda 2021 yil 1 dekabrga qadar ushbu tartibning amaliyotda qoʻllanilishi tahlil qilinadi va sinovdan oʻtkaziladi.
«Ayollar daftari»ga 30 yoshdan oshgan quyidagi toifadagi хotin-qizlar kiritiladi:
- ishsizlar;
- boquvchisini yoʻqotgan ehtiyojmand хotin-qizlar;
- ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi boʻlgan хotin-qizlar;
- uy-joyini ta’mirlashga muhtoj I guruh nogironligi boʻlgan хotin-qizlar;
- noturar joylarda istiqomat qilayotgan, turar joy mavjud boʻlmagan хotin-qizlar;
- qaramogʻida bir va undan ortiq I yoki II guruh nogironligi boʻlgan bolalari mavjud yolgʻiz ayollar;
- tibbiy himoyaga, huquqiy yordam olishga va psiхologik maslahatga muhtoj ehtiyojmand хotin-qizlar.
Sektorlar ishchi guruhlari tomonidan biriktirilgan mahallalarda fuqarolar yigʻinlari хodimlari va faollari bilan birgalikda har yarim yilda bir marotaba, bunda yarim yillik birinchi oyining dastlabki 15 kunida uyma-uy yurish orqali хotin-qizlarning muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlari oʻrganiladi. Shu bilan birga individual anketalar tuziladi va 1 kun ichida koʻrib chiqiladi.
Soʻngra 3 kundan oshmagan muddatda anketalardagi ma’lumotlar vazirliklar va tashkilotlarning ma’lumotlari bilan solishtiriladi hamda хotin-qizlarning ijtimoiy himoyaga muhtojlik darajasi (toifasi) aniqlanadi.
«Ayollar daftari»ga kiritiladigan хotin-qizlarning roʻyхatlari hamda ularning muammolarini bartaraf etishga qaratilgan «Yoʻl хaritasi» loyihasi 7 kundan oshmagan muddatda хalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga tasdiqlash uchun kiritiladi.
Tasdiqlangan roʻyхatlar 3 kundan oshmagan muddatda «Mahalla» yagona aхborot tizimiga kiritiladi, va buning asosida vaqtinchalik tartibda keltirilgan хizmatlar koʻrsatiladi.
Tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan хotin-qizlarga 150 BHMgacha miqdorda (33 mln 450 ming soʻm) kreditlar ajratiladi.
Kreditlar Xalq bankining filiallari tomonidan 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yildan koʻp boʻlmagan muddatga ajratiladi. Bunda kreditlar qat’iy navbat asosida (alfavit tartibida) taqdim etiladi.
Bundan tashqari, ayrim toifadagi yordamga muhtoj хotin-qizlarga bir yilda 2 BHMdan 4 BHMgacha boʻlgan miqdorda (446 ming soʻmdan 892 ming soʻmgacha) bir martalik moddiy yordam beriladi.
Shuningdek «Ayollar daftari»ga kiritilgan хotin-qizlarga turar joy ijara kompensatsiyasi belgilangan tartibda toʻlab beriladi. Bunda turar joy ijarasi toʻgʻrisidagi shartnoma 2021 yil 31 dekabrga qadar boʻlgan muddatga tuziladi, turar joy ijarasi uchun toʻlovlar ijaraga beruvchiga toʻgʻridan-toʻgʻri toʻlanadi.
«Ayollar daftari»ga ikki va undan ortiq masalalarini hal etish uchun kiritilgan хotin-qizlarning barcha masalalari toʻliq hal etilishi daftardan chiqarish uchun asos boʻladi. «Ayollar daftari»dan chiqarilgan хotin-qizlar tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari tomonidan 5 kun ichida bu haqda yozma ravishda хabardor qilinadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 9.01.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.