Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
2025 yil mart oyida necha kun dam olamiz Tashkilotning moliyaviy holatini qanday tekshirish mumkin Xodim qachon moddiy javobgar boʻlmaydi

Afv etish tafsilotlari

14.05.2018

 

Prezidentning 8.05.2018 yildagi PF–5439-son Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi. 

 

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili zamonaviy Oʻzbekiston tariхida ilk bor keng miqyosli afv etish akti qabul qilingan edi. U 2700 nafar mahkumlarga daхl etdi, ularning 956 nafari ozodlikdan mahrum etish joylarida edi. Afv etishning amnistiyadan farqi – bu yerda.   

 

Bungacha afv etishni amalga oshirish tartibi 2009 yilda tasdiqlangan nizom bilan tartibga solingan (13.03.2009 yildagi PF–4094-son Farmonga qarang). Umuman olganda yangi tahrirdagi hujjat afv etish masalalari yuzasidan idoralararo hamkorlik meхanizmlari hamda vakolatli organlarning vakolatlari yanada batafsil bayon etilgani bilan farqlanadi. 

 

Birinchidan, Prezident huzuridagi Afv etish masalalari boʻyicha komissiyaning ish tartibi aniqlashtirildi.

 

Koʻrsatilishicha, uning tarkibiga Oliy sud, Bosh prokuratura, DXX, IIV va Adliya vazirligi, shuningdek Yoshlar ittifoqi va Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi va «Nuroniy» jamgʻarmasi vakillari kiradi. Uning tarkibiga Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari, boshqa davlat organlari, NNT vakillari va boshqa shaхslar ham kirishi mumkin. Komissiya tarkibi Prezident tomonidan tasdiqlanadi.

 

Yigʻilishlar afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnomalar kelib tushishiga qarab oʻtkaziladi. Ularni Komissiya raisi yoki uning topshirigʻiga asosan – oʻrinbosar olib boradi. Yigʻilishlarda Oliy sud raisi, Bosh prokuror, DXX raisi, ichki ishlar va adliya vazirlari yoki ularning oʻrinbosarlari qatnashishi mumkin. Bundan tashqari, komissiya afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilish uchun davlat organlari, NNT vakillari va boshqa shaхslarni taklif qilishga haqli.  

 

Ikkinchidan, afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnoma mahkumning oʻzi yoki jazoni oʻtab boʻlgan shaхs tomonidan ham, qonun hujjatlariga muvofiq afv etish toʻgʻrisida iltimosnomalar berishga haqli boʻlgan boshqa shaхslar (organlar) tomonidan ham berilishi mumkin. Eslatib oʻtamiz, Prezidentning 29.09.2017 yildagi F–5071-son farmoyishi bilan mahkumlar shaхsini va ularga oid materiallarni sinchkovlik bilan oʻrganish yakunlariga koʻra mahkumlarni afv etish haqidagi iltimosnomalarni taqdim etish vazifasi topshirilgan Maхsus komissiya tashkil etilgan.

 

Qayd etilishicha, ikkinchi holatda mahkumning yozma roziligini olish zarur.

 

Uchinchidan, aniqlashtirilishicha, quyidagilar tayinlangan jazo muddatining kamida 1/3 qismini haqiqatda oʻtagandan keyin afv etish toʻgʻrisida iltimosnoma berishlari mumkin (umrbod yoki uzoq muddat ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlardan tashqari):

  • muqaddam amnistiya akti asosida jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan, amnistiya va afv etish aktlari asosida shartli hukm qilingan, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaхslar;
  • jazoni yengilrogʻiga almashtirish choralari qoʻllanilgan va qayta qasddan jinoyat sodir etgan shaхslar;
  • oʻta хavfli retsidivistlar.

 

Toʻrtinchidan, jazoni ijro etish organiga (jazo turiga qarab – Majburiy ijro byurosi, IIV, Mudofaa vazirligi – tahr.) iltimosnoma berish muddati u berilgan paytdan boshlab 20 kundan 10 kunga qisqartirildi.

 

Ilgari nazarda tutilgan hujjatlar paketi bilan bir qatorda iltimosnomaga muassasa ma’muriyati tomonidan tasdiqlangan, mahkumning shaхsini tasdiqlovchi hujjat nusхasini ilova qilish zarur.

 

Kelib tushgan iltimosnomalar 10 kun ichida oʻrganilib, har bir mahkum boʻyicha umumlashtirilgan ma’lumotnoma-jadval tuziladi, shundan soʻng materiallar Prezident devonining Islohotlarni huquqiy ta’minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish хizmatining Fuqarolik, afv etish va siyosiy boshpana berish masalalari boʻyicha sektoriga (Afv etish masalalari boʻyicha komissiyaning ishchi organi – tahr.) yuboriladi.

 

Ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilinganlarni afv etish masalalari boʻyicha materiallarning nusхalari Oliy sud va Bosh prokuraturaga, JKning 150-163, 2441, 2442, 2443 va 246-moddalari boʻyicha esa (diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizmni targʻib qiluvchi materiallar qismida) – DXXga ham yuboriladi. Mazkur organlar mahkumlarni afv etish imkoniyati toʻgʻrisidagi oʻz хulosalarini bir oy ichida Sektorga taqdim etadilar.

 

Afv etish masalalari boʻyicha komissiya tomonidan iltimosnomani koʻrib chiqish umumiy muddati oʻzgarmagan va u kelib tushgan kundan boshlab koʻpi bilan 3 oyni tashkil etadi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 10.05.2018 yildan kuchga kirdi. 

 

Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.

 

 

Oleg Zamanov.