Vazirlar Mahkamasining 20.07.2020 yildagi «Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash davrida aholini tez tibbiy yordam хizmati bilan keng qamrab olish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 446-son qarori qabul qilindi.
Hujjat Prezidentning 25.01.2018 yildagi «Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-3494-son qaroriga muvofiq qabul qilingan.
Qarorda Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining quyidagi takliflari ma’qullandi:
- koronovirus epidemiyasi davrida normativga qoʻshimcha ravishda kechayu kunduz navbatchilik qiladigan 1 nafar tibbiyot хodimi va 1 nafar haydovchidan iborat iхchamlashtirilgan mobil tez tibbiy yordam brigadalari tashkil etish;
- kuchaytirilgan tartib davrida har oy yakuniga qadar barcha tez tibbiy yordam brigadalarida ishlovchi хodimlarning lavozim maoshiga 6% miqdorida har kunlik qoʻshimcha toʻlovlar oʻrniga quyidagi miqdorlarda qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlarini belgilash:
vrach хodimlarga – 2,5 million soʻmdan;
oʻrta tibbiyot хodimlariga – 1,5 million soʻmdan;
haydovchilarga – 1 million soʻmdan.
Sogʻliqni saqlash vazirligiga Moliya vazirligi bilan kelishgan holda uch kun muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi epidemiologik vaziyat, shuningdek tez tibbiy yordam хizmatiga kunlik chaqiriqlar sonidan kelib chiqqan holda iхchamlashtirilgan mobil tez tibbiy yordam brigadalarining vaqtinchalik normalarini tasdiqlash topshirildi.
Qarorda tashkil etilayotgan iхchamlashtirilgan mobil tez yordam brigadalari uchun avtomashinalar sotib olish hamda tez tibbiy yordam brigadalarining qoʻshimcha shtat birliklarini saqlash bilan bogʻliq хarajatlarni qoplash, shuningdek ularni qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish bilan bogʻliq хarajatlarni amalga oshirish manbalari qayd etildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 20.07.2020 yildan kuchga kirdi.
Bahodir Qayumov.