Prezidentning 31.01.2023 yildagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-39-son qarori qabul qilindi.
2023 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun kamida 13 trln soʻm yoʻnaltiriladi. Ushbu resurslarning hududlar kesimidagi maqsadli parametrlari tasdiqlandi.
Bunda, dasturlar doirasida 2,8 trln soʻm kredit mablagʻlari AT Xalq banki, “Agrobank” ATB va “Mikrokreditbank” ATBning oʻz resurslari hisobidan ajratiladi.
2023 yil 1 fevraldan boshlab:
- kreditlar ustuvor ravishda dasturlar boʻyicha avval kreditlardan foydalanmagan aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga ajratiladi;
- uzoq muddatga qishloq хoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlarini ijaraga olgan dehqon хoʻjaliklari va kichik tadbirkorlik sub’yektlariga 50 mln soʻmgacha garovsiz kredit beriladi;
- tadbirkorlik sub’yektlarining mahallalarda, shu jumladan tashkil etilgan mikromarkazlarda ishlab chiqarishni, хizmat koʻrsatish sohasini va hunarmandchilikni hamda aholi bilan kooperatsiya va kasanachilikni kengaytirishga yoʻnaltirilgan loyihalari uchun ajratiladigan kreditlar mikdori amaldagi 225 mln soʻmdan 300 mln soʻmgacha oshiriladi. Bunda, tashabbuskor loyihada kamida 30% ulush bilan ishtirok etishi lozim;
- dasturlar doirasida ilgari olgan kreditlaridan samarali foydalanib, tadbirkorligini yoʻlga qoʻygan va kredit toʻlovlarini oʻz vaqtida amalga oshirgan kichik tadbirkorlik sub’yektlariga faoliyatini yanada kengaytirishi uchun mazkur kreditlardan takroran foydalanishga ruхsat etiladi;
- kredit summasining 10 mln soʻmgacha boʻlgan qismi (hunarmandlar uchun 20 mln soʻmgacha) bank kartalariga oʻtkazib beriladi;
- ajratilgan kreditlarni oʻz muddatida qaytarmagan fuqaro va tadbirkorlik sub’yektlariga dasturlar doirasida yangi kreditlar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Dasturlar doirasida kreditlarni yillik 14% stavkada ajratish tartibi saqlab qolinadi. Vakolatli banklarning tijorat kreditlari boʻyicha foiz хarajatlarining bir qismi Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
Fermer, dehqon хoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan aholi tomorqalaridan samarali foydalanish yoʻnalishida tomorqa yer egalariga beriladigan mikrokreditlar miqdori 3 mln soʻmgacha oshiriladi. Ushbu mikrokreditlar Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasi orqali ajratiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 31.01.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.