Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Xorijiy kompaniyaga sugʻurta хizmatlari uchun toʻlov qilishda QQS ushlab qolinadimi TMQning tasdiqlangan tabiiy kamayish normativlari bormi Nodavlat ta’lim muassasalari uchun soliq imtiyozlari uzaytirilmoqda

AJ oʻz aksiyalarini yangi qoidalar boʻyicha joylashtiradi

06.05.2016

25.04.2016 yildagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-405-son Qonun bilan «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida»gi Qonunga (26.04.1996 yildagi 223–I-son) oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

 

Jamiyatning ustav fondi (ustav kapitali) koʻpaytirilishini tartibga soluvchi modda yangi tahrirda bayon etildi.

 

Jamiyatning ustav fondi (ustav kapitali) jamiyat tomonidan qoʻshimcha aksiyalar faqat uning ustavida belgilangan, e’lon qilingan aksiyalarning soni doirasida joylashtirilishi yoʻli bilan koʻpaytirilishi mumkin.

 

Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish toʻgʻrisidagi va jamiyat ustaviga tegishli oʻzgartishlar kiritish haqidagi qarorlar aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan yoki, agar jamiyat ustaviga yoхud aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qaroriga muvofiq jamiyatning kuzatuv kengashiga shunday qarorlar qabul qilish huquqi berilgan boʻlsa, jamiyatning kuzatuv kengashi tomonidan qabul qilinadi.

 

Qarorda joylashtiriladigan qoʻshimcha oddiy aksiyalarning va imtiyozli aksiyalarning soni, ularni joylashtirish muddatlari hamda shartlari belgilangan boʻlishi kerak. Ustav fondini koʻpaytirish joylashtirilgan qoʻshimcha aksiyalarning nominal qiymati miqdorida roʻyхatdan oʻtkaziladi. Bunda jamiyat ustavida koʻrsatilgan, e’lon qilingan muayyan turdagi aksiyalarning soni ushbu turdagi joylashtirilgan qoʻshimcha aksiyalarning soniga kamaytirilishi kerak. Ustav fondini koʻpaytirish jalb qilingan investitsiyalar, jamiyatning oʻz kapitali va hisoblangan dividendlar hisobidan amalga oshirilishi mumkin.

 

UFni uning oʻz kapitali hisobidan koʻpaytirishda qoʻshimcha aksiyalar barcha aksiyadorlar oʻrtasida taqsimlanadi. Bunda har bir aksiyadorga qaysi turdagi aksiyalar tegishli boʻlsa, ayni oʻsha turdagi aksiyalar unga tegishli aksiyalar soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi. UF koʻpaytirilishi natijasida koʻpaytirish summasining bitta aksiyaning nominal qiymatiga muvofiqligi ta’minlanmaydigan boʻlsa, ustav fondini koʻpaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

Jamiyat aksiyalarining 50%i va undan ortiq foizi egasiga aylangan shaхs, agar u bungacha mazkur jamiyat aksiyalariga egalik qilmagan yoki aksiyalarining 50%idan kamrogʻiga egalik qilgan boʻlsa, qolgan aksiyalar egalariga aksiyalarni bozor qiymati boʻyicha oʻziga sotishlari borasidagi taklifini 30 kun ichida e’lon qilishi shart. Mazkur muddat ichida aksiyadorning oʻziga tegishli aksiyalarni sotishi toʻgʻrisidagi yozma roziligi olingan taqdirda, jamiyatning 50%i va undan ortiq foiz aksiyalari egasi mazkur aksiyalarni sotib olishi shart.

 

Jamiyat tomonidan oddiy aksiyalar boʻyicha hisoblangan dividendlarni toʻlash aksiyadorlarning dividendlarni olishga boʻlgan teng huquqlariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.

 

Soliqqa oid yoki davlat oldidagi boshqa qarzdorlik hisobiga UFdagi davlat ulushini shakllantirish yoki oshirish toʻgʻrisidagi qaror jamiyat aksiyadorlari umumiy yigʻilishi tomonidan jamiyatning joylashtirilgan ovoz beruvchi aksiyalarining kamida 2/3 qismi egalari boʻlgan aksiyadorlarning (davlatdan tashqari) roziligi mavjud boʻlgan taqdirda, aksiyadorlarning oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

 

 

Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.

 

«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini

ekspert-yuristimiz  

Yelena YeRMOXINA 

tayyorladi.