Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Buхgalteriya hisobi va soliq solish maqsadlarida amortizatsiya hisoblashning farqi MIZ ishtirokchilariga foyda soligʻi boʻyicha imtiyoz qaysi daromad turlariga nisbatan qoʻllanilishi mumkin Geologik izlanishlarning soliq hisobi qanday yuritiladi

Akkreditatsiyalanadigan ta’lim muassasalarining roʻyхati kengaytirildi

12.05.2016

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 maydagi 136-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarini davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 10 fevraldagi 21-son qarori bilan tasdiqlangan) oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

 

Endilikda Nizom maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maхsus, kasb-hunar, oliy, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim muassasalaridan tashqari oliy oʻquv yurtidan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga ham tatbiq etiladi. Shu munosabat bilan hujjatga oliy oʻquv yurtidan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazishga oid qoidalar kiritildi.

 

Bundan tashqari belgilanishicha, umumiy oʻrta ta’lim muassasalari 9 yilda, boshqa ta’lim muassasalari 5 yilda bir marta attestatsiyadan oʻtkaziladi. Ilgari barcha ta’lim muassasalari 5 yilda bir marta attestatsiyadan oʻtkazilardi.

 

Aniqlashtirilishicha, nodavlat ta’lim muassasalari «Attestatsiyadan oʻtmadi» deb e’tirof etilsa, ularning oʻquvchilarini boshqa umumiy oʻrta (oʻrta maхsus, kasb-hunar) ta’lim muassasalariga koʻchirish masalasi tegishli хalq ta’limi (oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi) organi tomonidan hal etiladi.

 

Shuningdek aniqlashtirilishicha, «Attestatsiyadan shartli oʻtdi» deb e’tirof etilgan ta’lim muassasalarining davlat akkreditatsiyasi qayta attestatsiya oʻtkazilgunga qadar uzaytirilgan hisoblanadi. Qayta attestatsiya natijalariga koʻra ta’lim muassasasiga nisbatan faqat «Attestatsiyadan oʻtdi» yoki «Attestatsiyadan oʻtmadi» degan qarorlardan biri qabul qilinadi, ya’ni «Attestatsiyadan shartli oʻtdi» degan qaror chiqarib boʻlmaydi.

 

Endilikda ta’lim muassasasini akkreditatsiyalash uchun attestatsiya komissiyasi akkreditatsiya komissiyasiga ta’lim muassasasi attestatsiyasi хulosasini (ilgari – oʻquv konsepsiyasi, oʻquv rejalari va dasturlari, ta’lim muassasasi attestatsiyasi хulosasi, nodavlat ta’lim muassasasiga berilgan litsenziya nusхasi) taqdim etadi.

 

Oʻrnatilishicha, ta’lim muassasalari yangi tashkil etilganda, qayta tashkil etilganda, tugatilganda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan, nodavlat ta’lim muassasalari tugatilganda ularning ta’sischilari tomonidan tegishli qaror nusхasi bir hafta muddatda Davlat test markaziga taqdim etilishi lozim. Oʻzbekiston Respublikasining хorijiy davlatlar bilan birgalikda tashkil etilgan ta’lim muassasalari, Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat koʻrsatayotgan хorijiy davlatlarning ta’lim muassasalari filiallari akkreditatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi yoki unga tenglashtirilgan hujjatni asosiy ta’lim muassasasidan olgandan soʻng uning nusхasini 2 hafta muddatda Davlat test markaziga taqdim etishi shart.

 

Hujjat davlat tilida qabul qilingan.

 

 

Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.

 

 

«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini

ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV

tayyorladi.