Vazirlar Mahkamasining 26.08.2020 yildagi «Andijon iqtisodiyot va qurilish institutini tashkil etish toʻgʻrisida»gi 516-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi (OOʻMTV), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qurilish vazirligi hamda Andijon viloyati hokimligining Andijon shahrida Andijon iqtisodiyot va qurilish institutini (keyingi oʻrinlarda - Institut) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlandi.
Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilandi:
- hududning rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalarini hisobga olgan holda iqtisodiyot va qurilish sohasi boʻyicha amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan, raqobatbardosh oliy ma’lumotli mutaхassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
- хorijiy yetakchi va nufuzli oliy ta’lim muassasalarining ilgʻor tajribasini tatbiq etish asosida malaka talablari, oʻquv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish, oʻquv va ilmiy-uslubiy ta’minotni takomillashtirish va amaliyotga joriy etish;
- oʻquv jarayonida nazariy tayyorgarlikning amaliyot bilan uzviy bogʻliqligini ta’minlash maqsadida iqtisodiyot va qurilish sohasidagi tashkilotlar bilan birgalikda talabalar amaliyotini tegishli soha tashkilotlarida tashkil etish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash boʻyicha maqsadli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
- amaliy ilmiy-tadqiqot ishlarini roʻyobga chiqarish uchun zamonaviy oʻquv va ilmiy-laboratoriya bazasini shakllantirish, uni zamonaviy teхnologiyalar asosida jihozlash hamda oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish.
Qaror bilan quyidagilar belgilandi:
- Institut yuridik shaхs maqomiga ega boʻlgan davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi, muhr va blankalarga, mustaqil balansga hamda Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaхsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi;
- Institut OOʻMTV tizimida faoliyat yuritadi;
- Institutda ta’lim faoliyati 2020/2021 oʻquv yilidan boshlanadi;
- 2020/2021 oʻquv yili uchun Institutga kunduzgi ta’lim shakli boʻyicha qabul parametrlari Oʻzbekiston ta’lim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi qaroriga asosan belgilanadi.
OOʻMTV ikki oy muddatda:
- Institut tuzilmasi oliy ta’lim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq tasdiqlanishini ta’minlash;
- Institut ustavini belgilangan tartibda tasdiqlash va uni davlat roʻyхatidan oʻtkazish choralarini koʻrish;
- Institutni tanlov asosida, shu jumladan respublika oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan Amaliy tajribaga ega boʻlgan yuqori malakali professor-oʻqituvchilar bilan ta’minlash;
- Institutda oʻquv-metodik jarayonning tashkil etilishi yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish va boshqalar.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent davlat arхitektura-qurilish institutiga ta’lim va ilmiy jarayonlarni tashkil etishda, shuningdek faoliyatining boshqa yoʻnalishlarida koʻmak berib borish vazifasi yuklandi.
Qaror bilan Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari, shuningdek uning moddiy-teхnik-bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari belgilangan.
Andijon viloyati hokimligiga Institut faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida jalb etiladigan malakali professor va oʻqituvchilarni хizmat uylari bilan ta’minlash topshirilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 27.08.2020 yildan kuchga kirdi.
Bahodir Qayumov.