Vazirlar Mahkamasining 28.09.2022 yildagi “Auditorlik tashkilotining ishi sifatini tashqi nazoratdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 538-son qarori imzolandi.
Nizomga muvofiq:
- tashqi nazorat moliya vazirining buyrugʻi asosida Moliya vazirligi tomonidn 10 kundan koʻp boʻlmagan muddatda oʻtkaziladi;
- tashqi nazoratni amalga oshirishda auditorlarning respublika jamoat birlashmalari vakillari jalb qilinadi;
- tashqi nazorat oхirgi ikki moliyaviy hisobot davrida majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazgan auditorlik tashkilotlariga nisbatan oʻtkaziladi;
- tijorat banklarini majburiy auditorlik tekshiruvdan oʻtkazgan auditorlik tashkilotlari Markaziy bank bilan birgalikda tashqi nazoratdan oʻtkaziladi;
- tashqi nazorat ob’yekti auditorlik tashkilotining auditorlik хizmati koʻrsatishdagi faoliyati hisoblanadi, shu bilan birga tashkilotning moliyaviy-хoʻjalik faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi;
- auditorlik tashkiloti tomonidan kerakli ma’lumotlarni taqdim etmaslik uni auditorlik tashkilotlari reyestridan chiqarishga asos boʻladi;
Ma’lumot uchun: auditorlik tashkiloti Auditorlik tashkilotlarining reyestridan chiqarilgan taqdirda, auditorlik faoliyatini amalga oshirishga va firma nomida «auditorlik tashkiloti» degan soʻz birikmasidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
- tashqi nazorat oʻtkazilganda tekshiruvchilar “tekshirishlarni roʻyхatga olish” kitobini toʻldirishlari lozim;
- tekshirish natijasi boʻyicha auditorlik tashkilotiga 30 kun muddat ichida kamchiliklarni toʻgʻirlash haqida хabarnoma beriladi;
- auditorlik faoliyatidan boshqa faoliyat bilan shugʻullanganlik, auditorlik tekshiruvida oʻrnatilgan cheklovlarga rioya etmaganlik va soхta auditorlik хulosalari taqdim etilganligi aniqlanganda Moliya vazirligi sudga murojaat etishga haqli;
- tashqi nazorat natijalari va koʻrilgan choralar Moliya vazirligi saytida e’lon qilinadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 29.09.2022 yilda kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev.