Prezident tomonidan 9 fevral kuni «Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi OʻRQ-752-son Qonun imzolandi.
Endilikda, avtomototransport vositalari elektron savdo platformasi vositasida elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda ijaraga berish shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi. Bunda, elektron onlayn-auksion natijalariga koʻra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega buladi. Qoʻshimcha FKning 565-moddasiga kiritildi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasining birinchi qismi oltinchi хatboshi bilan toʻldirildi. Endilikda, SSP хoʻjalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib boʻlmas kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlaydi, bundan tashqi savdo bitimlari va хalqaro shartnomalar shartlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuzaga kelgan yengib boʻlmas kuch (fors-major) holatlari mustasno.
Shuningdek, SKning 483-moddasida belgilangan vaqtinchalik soliq imtiyozlarining muddati uzaytirildi. Agar ilgari QQS boʻyicha imtiyoz 2021 yil 1 maydan 31 dekabrgacha taqdim etilgan boʻlsa, endi bu muddat 2021 yil 1 maydan 2022 yil 30 aprelgacha belgilandi. SKning 483-moddasi 10-qismida nazarda tutilgan imtiyoz ham 2022 yil 30 aprelgacha uzaytirildi.
Hujjat «Xalq soʻzi» gazetasida 10.02.2022 yilda e’lon qilindi va rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kirdi.
Saodat Usmanova.