«Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida»gi Qonunga tegishli tuzatishlar kiritildi (26.07.2018 yildagi OʻRQ–488-son Qonunga qarang), ular 3 oy oʻtgach amalga kiritiladi.
Birinchidan, yoʻlovchilarni va ularning mol-mulkini avtomobilda tashishni amalga oshiruvchi tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi 3 oydan 1 yilgacha boʻlgan muddatga tuzilishi mumkin.
Bu umumiy qoidadan istisnodir, unga muvofiq tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi qat’iy 1 yilga tuziladi. Shu tariqa, yoʻlovchilarni va ularning mol-mulkini temir yoʻl, havo, daryo va boshqa transportda tashishni amalga oshirishda (avtomobil transportidan tashqari) fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi ilgarigidek 1 yilga tuziladi.
Quyidagi jihatlarga e’tibor qaratish lozim. Bunda tashuvchi deganda shahar yoʻlovchilar transportida, temir yoʻl, havo, avtomobil, daryo transportida va boshqa transportda yoʻlovchilarni hamda ularning mol-mulkini tijorat asosida tashish boʻyicha хizmatlar koʻrsatuvchi va buning uchun maхsus litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaхs tushuniladi (avtotashishlarni litsenziyalash tartibi – bu yerda).
Yoʻlovchilarning mol-mulki – ularning bagaji va oʻzi bilan birga tashiyotgan qoʻl yuki. Binobarin, yuklarni avtomobil transportida tashish (yoʻlovchi bagaji va qoʻl yukidan tashqari) mazkur Qonun ta’siri ostiga tushmaydi. Tegishincha, kiritilgan tuzatishlar ham ularga tatbiq etilmaydi. Yuklar avtotransportda tashilganda «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida»gi Qonun qoʻllaniladi, uning doirasida sugʻurta shartnomasi 1 yilga tuziladi.
Ikkinchidan, belgilanishicha, sugʻurta polisida tashuvchining transport vositasi (vagonlari) toʻgʻrisidagi ma’lumotlar: turi, markasi, modeli, raqamli (tanituvchi) belgisi, ishlab chiqaruvchi zavod pasporti boʻyicha yoʻlovchi sigʻimi koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Ushbu aхborotni sugʻurta polisining amaldagi tarkibi bilan bir qatorda koʻrsatish kerak boʻladi («Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida»gi Qonunning 8-moddasi 3-qismiga qarang).
Bundan tashqari, sugʻurta polisi tashuvchining fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasida koʻrsatilgan transport vositalarining soniga teng nusхalarda rasmiylashtirilishi kerak. Tegishincha, tashuvchi ilgarigidek oʻzi tasdiqlagan nusхasini emas, balki har bitta transport vositasiga sugʻurta polisining asl nusхasini joylashtirishga majbur boʻladi.
Eslatib oʻtamiz, tashuvchining oʻz fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha majburiyatini bajarmasligi mansabdor shaхslarga EKIHning 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi (MJTKning 1461-moddasiga qarang).
Qonun Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan, yuqorida bayon etilgan tuzatishlar 28.10.2018 yildan kuchga kiradi.
Oleg Zamanov.