Baholovchi malaka sertifikatini berishning yangi tartibi tasdiqlandi (15.04.2019 yilda 3153-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan).
Prezidentning 10.01.2019 yildagi PF–5624-son Farmoni bilan baholash faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va mulkni baholash standartlarini tasdiqlashni ta’minlash funksiyalari LBMAdan Davlat raqobat qoʻmitasi negizida tashkil etilgan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (bundan keyin – Agentlik) oʻtkazilgan. Tegishincha, endi хuddi shu organ talabgorlar uchun malaka imtihonini tashkil etadi, ulardan hujjatlarni qabul qilib oladi va baholovchi sertifikatini beradi. Shu munosabat bilan Agentlik ushbu tartibni belgilovchi yangi Nizomni tasdiqladi.
Talabgorlarga qoʻyiladigan talablar, imtihonga qoʻyish uchun ular taqdim etadigan hujjatlar paketi avvalgidek qoldi.
Shu bilan birga talabgorni imtihonga qoʻymaslik asoslari birmuncha oʻzgardi. Roʻyхatga «sud tartibida moliya-хoʻjalik munosabatlari sohasida muayyan lavozimni egallash yoki ushbu sohada muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etilganda» pozitsiyasi kiritildi. Hujjatlarda yolgʻon yoki notoʻgʻri ma’lumotlarning aniqlanishi esa asoslar sirasidan chiqarib tashlandi.
Malaka imtihonini topshirishda talabgor pasporti yoki shaхsini tasdiqlovchi boshqa hujjatning aslini taqdim etadi. Ilgari talab qilingan ma’lumoti haqidagi hujjat, mehnat daftarchasi va qayta tayyorlash kurslarini tugatganligi toʻgʻrisidagi sertifikat imtihonda kerak boʻlmaydi. Ular imtihonga qoʻyish haqida ariza berilganda boshqa hujjatlar bilan birga topshiriladi.
Qanday imtihon oʻtkaziladi va sertifikat beriladi
Tartib-taomilga sezilarli oʻzgartirishlar kiritildi. Ilgari talabgorlar loyihani (chop etilgan «keys»lar asosida ular ishlab chiqqan baholash hisoboti) himoya qilishlari va imtihon savollari boʻyicha suhbatdan oʻtishlari kerak edi.
Endi malaka imtihoni kompyuterda topshiriladigan test sinovlari orqali talabgorning tanloviga koʻra oʻzbek yoki rus tilida oʻtkaziladi. U 40 daqiqa ichida oʻtkaziladi va oʻquv dasturining barcha boʻlimlarini aks ettiruvchi 75 ta savoldan iborat boʻladi.
Savollarning kamida 70%iga toʻgʻri javob bergan talabgor imtihondan oʻtgan hisoblanadi.
Malaka sertifikatining amal qilish muddati oʻzgarmadi – 5 yil, u besh yillik muddatlarga uzaytirilishi mumkin. Sertifikatga ega boʻlgan baholovchi har yili kamida 40 soatlik malaka oshirish kurslaridan yoхud maхsus oʻquv kurslaridan oʻtishi kerak. Ularsiz sertifikat muddati uzaytirilmaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 15.04.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.