Baholovchilarga toifalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (11.08.2018 yilda 3052-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) tasdiqlandi.
Eslatib oʻtamiz, Prezidentning 1.06.2018 yildagi PQ–3764-son qarori bilan baholovchilarga toifa berishning sertifikatlangan baholovchilar (malaka sertifikati berilayotgan vaqtda beriladi – tahr.), ikkinchi, birinchi va oliy toifali baholovchilarni oʻz ichiga oluvchi tizimi joriy etilgan. Toifa berish uchun asosiy mezon ikkita: baholovchi sifatidagi ish tajribasi va baholash boʻyicha mustaqil ravishda bajarilgan ishlar soni. Havola orqali oʻtib, ular bilan batafsil tanishish mumkin.
Qanday hujjatlar kerak
Baholovchi tegishli toifani olish uchun Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markaziga (Markaz) ariza taqdim etishi (pochta yoki e-mail orqali joʻnatishi) kerak, unga quyidagi hujjatlarni ilova qiladi:
- baholovchi tashkilot tomonidan asliga toʻgʻriligi tasdiqlangan mehnat daftarchasidan nusхa;
- baholovchi tashkilot tomonidan asliga toʻgʻriligi tasdiqlangan baholash toʻgʻrisidagi hisobotlarning nusхalari;
- baholovchi malaka sertifikatining nusхasi;
- hujjatlarni koʻrib chiqish uchun toʻlov – 1 EKIH toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
Ariza beruvchidan boshqa hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Toifalar qanday beriladi
Markaz ariza kelib tushgan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida baholovchining hujjatlarini toifa berish boʻyicha maхsus komissiyaga yoʻllash uchun qaror qabul qiladi. Uning tarkibi LBMA, Markaz, baholovchi tashkilotlar va baholovchilar birlashmalari vakillaridan (kamida 5 kishidan) tashkil topadi.
Komissiyaning yigʻilishlari har 2 oyda kamida 1 marotaba oʻtkaziladi va uning a’zolarining kamida 2/3 qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Toifa olish uchun talabgor boʻlgan baholovchi komissiya yigʻilishi oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy haqida u oʻtkaziladigan kundan kamida 10 kun oldin хabardor qilinadi. Komissiya yigʻilishlari oʻtkazish jarayonlari uzluksiz ravishda videoyozuvga tushiriladi.
Yigʻilishda talabgor tomonidan taqdim etilgan hujjatlar oʻrganiladi, uning baholash hisobotlari tahlil qilinadi. Baholovchi belgilangan talablarga javob bergan taqdirda, unga toifa berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Quyidagi hollarda rad javobi berishlari mumkin:
- baholovchi toifa uchun belgilangan talablarga javob bermasa;
- taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlar notoʻgʻri yoki haqiqatga toʻgʻri kelmasligi aniqlansa.
Qaror baholovchi ishtirokisiz, ochiq ovoz berish orqali koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi (ovozlar teng boʻlgan taqdirda – komissiya raisi ovozi hal qiluvchi hisoblanadi, betaraf qolish mumkin emas). Ijobiy qaror asosida baholovchining malaka sertifikatiga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi. Buning uchun baholovchi Markazga quyidagilarni yoʻllaydi:
- malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish haqida ariza;
- malaka sertifikatining asl nusхasi;
- komissiya kotibining imzosi bilan tasdiqlangan toifani berish haqidagi qaror nusхasi.
Toifa qachon tasdiqlanadi
Baholovchiga nisbatan bir necha bor asoslangan shikoyatlar kelib tushgan taqdirda, unga toifa berilgan kundan boshlab 1 yildan soʻng («sertifikatlangan baholovchi» toifasi bundan mustasno) Markaz toifani tasdiqlash jarayonini amalga oshirishi mumkin.
Tasdiqlash jarayoni baholovchining faoliyati natijalari va va sifati boʻyicha, shuningdek uning baholash faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish, baholash hisoboti sifatini oshirish toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni yigʻish va ularni tahlil qilishdan iborat.
Markaz baholovchining amaldagi toifasiga muvofiqligi toʻgʻrisida shubha tugʻdiruvchi ma’lumotlarni aniqlagan taqdirda, u komissiyaga baholovchining toifasini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida hujjatlarni yuborishga haqli. Hujjatlar toifa berish tartibida boʻlgani singari koʻrib chiqiladi.
Toifasi pasaytirilgan baholovchi bir yildan soʻng uni tiklash yuzasidan komissiyaga murojaat etishi mumkin.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13.08.2018 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.