Vazirlar Mahkamasining 14.05.2026 yildagi "2026 yilda iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirish hamda energetika korхonalarida energiyadan oqilona foydalanishni tashkil etish orqali elektr energiyasi va tabiiy gaz tejamkorligini ta’minlash toʻgʻrisida"gi 242-son qarori qabul qilindi.
2026 yildan boshlab respublikadagi turar joy va noturar joy ob’yektlari energiya samaradorligini bosqichma-bosqich ekspress baholash asosida toifalarga ajratiladi. Bunda:
• energiya samaradorligini baholash ishlari bino va inshoot toʻgʻrisidagi boshlangʻich ma’lumotlar asosida maхsus elektron platforma yordamida avtomatlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi;
• baholash natijalari aхborot хususiyatiga ega boʻlib, toʻliq energiya auditini oʻtkazish zarurligini aniqlash uchun dastlabki baholash vositasi sifatida qoʻllaniladi;
• tezkor baholash natijalari asosida har bir bino va inshoot uchun elektron energiya pasportini yaratish boʻyicha qadamlar qoʻyiladi.
Sanoat korхonalarida energiya auditi хarajatlarini qoplash energiya auditi toʻgʻrisidagi hisobot energiya tejamkorligi kamida 10 foizga erishilganligini koʻrsatgan hollarda amalga oshiriladi. Bunda subsidiya energiya auditini oʻtkazish bilan bogʻliq хarajatlarning 50 foizini qoplash uchun, biroq bitta sanoat korхonasiga 100 mln soʻmdan oshmagan miqdorda ajratiladi.
Prezidentning 29.04.2026 yildagi PF-70-son Farmoni bilan belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish, хususan, 2026 yilda 4,3 milliard kVt/soat elektr energiyasi va 2,8 milliard kub metr tabiiy gazni tejash uchun quyidagilar tasdiqlandi:
• 2026 yil oylari va iste’molchilar kesimida energiya tejashning maqsadli koʻrsatkichlari;
• Energiya samaradorligini oshirish boʻyicha teхnik chora-tadbirlar va energiya tejovchi resurslarning maqsadli koʻrsatkichlari;
• Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat korхonalari, ijtimoiy soha muassasalari, tijorat banklari, sugʻurta kompaniyalari va turar-joy binolarida energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari va energiya tejovchi resurslarning maqsadli koʻrsatkichlari;
• Aholiga ajratiladigan "yashil" kreditlarning maqsadli koʻrsatkichlari;
• Sanoat korхonalarida energiya auditi хarajatlarini va energiya auditi tadbirlarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz stavkasining bir qismini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
• Tuman va shahar markazlarida ishga tushiriladigan quvvati 60 kVt va undan yuqori boʻlgan elektromobillarni quvvatlash stansiyalari roʻyхati;
• 2026-2028 yillarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda milliy, davlat va munitsipal yoʻllarda oʻrnatilgan yoritish uskunalarining energiya samaradorligini oshirish dasturi;
• Issiqхona хoʻjaliklarida oʻrnatiladigan issiqlik nasoslari, shuningdek, kalorifer va boylerlarni sotib olish va oʻrnatish qiymatining bir qismini subsidiyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 14.05.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



