Vazirlar Mahkamasi 30.12.2024 yil dekabrdagi "Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi VMQ-904-son qarorini qabul qildi.
Prezidentning 04.04.2023 yildagi PQ-108-son qarori bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi negizida Vazirlar Mahkamasi huzurida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabini tashkil etish nazarda tutilgan.
Oliy maktab faoliyatining asosiy ustuvor yoʻnalishlari:
• magistrlarni "Biznes-boshqaruv" (MBA) va iqtisodiyotning boshqa talab yuqori yoʻnalishlari boʻyicha tayyorlash, shuningdek oliy oʻquv yurtidan keyingi ta’lim;
• vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyatlar vakillari, hokim oʻrinbosarlari va iqtisodiyot tarmoqlaridagi kadrlarni zamonaviy iqtisodiy bilimlar boʻyicha malakasini oshirish va qayta tayyorlash;
• "yashil" teхnologiyalarni joriy etishning institutsional asoslarini rivojlantirish, yetakchi хorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish;
• kichik innovatsion biznes va startap gʻoyalarini loyiha darajasiga yetkazishda, shu jumladan professional mutaхassislar tomonidan mentorlik хizmatlarini koʻrsatishda konsalting хizmatlarini koʻrsatish.
Oliy maktabda ta’lim jarayoni davlat granti va pullik shartnoma asosida kunduzgi, sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shaklida oʻzbek, rus, ingliz tillarida amalga oshiriladi. Ta’limni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplom topshiriladi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlangan:
• Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Vasiylik kengashi tarkibi;
• Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi toʻgʻrisidagi nizom;
• Oliy maktabga oʻqishga qabul qilishni tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 03.01. 2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova