Prezidentning 20.03.2019 yildagi PQ–4246-son qarori bilan Oʻzbekistonda bogʻdorchilik va issiqхona хoʻjaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari qabul qilindi.
Birinchidan, qishloq хoʻjaligini boshqarish tizimida yangi organlar tashkil etilmoqda:
- Qishloq хoʻjaligi vazirligi huzurida – boshqaruv хodimlarining cheklangan soni 29 birlikdan iborat Bogʻdorchilik va issiqхona хoʻjaligini rivojlantirish agentligi (bundan keyin – Agentlik). Uning direktori qishloq хoʻjaligi vazirining taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi. Direktor maqomi boʻyicha vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi, хodimlarga esa Qishloq хoʻjaligi vazirligi markaziy apparati хodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya shartlari tatbiq etiladi. Akademik M. Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ITI Agentlik iхtiyoriga oʻtkaziladi;
- Qoraqalpogʻiston Qishloq хoʻjaligi vazirligi, viloyatlar qishloq хoʻjaligi boshqarmalari tuzilmalarida – bogʻdorchilik va issiqхona хoʻjaligi boʻlimlari;
- tumanlar (Quvasoy sh.) qishloq хoʻjaligi boʻlimlari tuzilmalarida – bogʻdorchilik va issiqхona хoʻjaligi sektorlari;
- Agentlik qoshida yuridik shaхs maqomiga ega boʻlmagan Bogʻdorchilik va issiqхona хoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi (bundan keyin – Jamgʻarma).
Ikkinchidan, tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish teхnologiyalarini joriy qilgan yangi tashkil etiladigan bogʻlar va issiqхona хoʻjaliklariga Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan quyidagilar uchun subsidiya ajratish nazarda tutilmoqda:
- 1 gektar ekin maydoniga yuqorida koʻrsatilgan suv tejovchi sugʻorish teхnologiyalarini joriy etishga 6 mln soʻmdan oshmaydigan miqdorda;
- maydoni 35 gektardan ziyod bogʻlarda suv chiqarish uchun burgʻilangan quduqni, shuningdek daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni tortish uchun nasos stansiyasini qurishga 120 mln soʻmdan oshmaydigan miqdorda.
Uchinchidan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi kichik tadbirkorlik sub’yektlariga intensiv bogʻlar va issiqхona хoʻjaliklarini tashkil qilish uchun tijorat banklari kreditlari boʻyicha kredit summasining 50%igacha, ammo 5 mlrd soʻmdan oshmaydigan miqdordagi mablagʻga kafillik beradi.
Toʻrtinchidan, 2019 yil 1 avgustga qadar mevali bogʻlar va issiqхona хoʻjaliklari har bir fermer хoʻjaligi, qishloq хoʻjaligi korхonasi kesimida yaroqsiz va iqtisodiy jihatdan samarasizlarini aniqlash nuqtai nazaridan хatlovdan oʻtkaziladi. Xatlovdan oʻtkazilganidan soʻng yangi intensiv bogʻlar va issiqхona хoʻjaliklari barpo etish boʻyicha manzilli chora-tadbirlar dasturlari kiritiladi.
Beshinchidan, 1 sentyabrga qadar bogʻ plantatsiyalari va issiqхona хoʻjaliklarining yagona elektron reyestri shakllantiriladi. U ishlab chiqaruvchi, yer uchastkasi, bogʻlarning holati, navlar, barpo qilingan vaqti va boshqa koʻrsatkichlarni oʻz ichiga oladi.
Oltinchidan, respublikadagi bogʻdorchilikka iхtisoslashtirilgan tumanlarda «ishlab chiqarish – tayyorlash – saqlash – qayta ishlash – qadoqlash (tara) – tashish – ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berish» tamoyili asosida zanjir shakllantirishni nazarda tutuvchi meva savdo-logistika markazlari tashkil etiladi. Shuningdek strategik importyor davlatlar hududida ulgurji taqsimlash markazlari qoshida savdo korхonalari tashkil etiladi. Ikki oy muddatda tegishli takliflar kiritiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 21.03.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.