Bu Vazirlar Mahkamasining 9.03.2020 yildagi «Bolalarni boshlangʻich ta’limga majburiy bir yillik tayyorlash tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 132-son qarorida belgilangan.
2019/2020 oʻquv yilidan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bolalarni boshlangʻich ta’limga majburiy bepul bir yillik tayyorlash tizimi joriy etiladi.
Maktabgacha ta’lim vazirligining ushbu sohadagi asosiy vazifalari belgilandi. Xususan, u maktabgacha ta’limga qamrab olinmagan bolalar uchun tayyorlov guruhlarini shakllantiradi.
Tayyorlov guruhlari uchun:
- 2019/2020 oʻquv yili 2020 yil 10 martdan boshlanadi va 20 avgustda tugaydi;
- 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab oʻquv yili har yili 2 sentyabrdan boshlanadi va keyingi yil 25 mayda tugaydi.
Bolalar bogʻchalarida hamda ulardan tashqari tashkil etiladigan tayyorlov guruhlari tarbiyalanuvchilari boshlangʻich ta’limga tayyorgarlikdan oʻtgan deb hisoblanadi va majburiy bepul bir yillik tayyorlovdan ozod etiladi.
Ushbu muassasalarda ta’lim olgan bolalarga boshlangʻich ta’limga majburiy bir yillik tayyorlovdan oʻtganlik toʻgʻrisida davlat namunasidagi sertifikat beriladi.
2020–2025 yillarda bolalarni majburiy maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishning maqsadli koʻrsatkichlari belgilandi. 2024/2025 oʻquv yiliga kelib 6 yoshdagi bolalar maktabgacha ta’lim bilan 100% qamrab olinadi.
Qaror bilan Bolalarni boshlangʻich ta’limga majburiy bepul bir yillik tayyorlov guruhlari faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Tayyorlov guruhlari bolalar bogʻchalarida tashkil etiladi. Ular mavjud boʻlmaganda yoki bunga shart-sharoitlar boʻlmaganda, boshqa binolarda tashkil etiladi. Guruhda bolalarning boʻlish vaqti 3-4 soatdan iborat, oʻquv jarayoni esa bir yoki ikki smenada tashkil etiladi, bitta guruhdagi bolalar soni 30 nafardan oshmasligi lozim.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 10.03.2020 yildan kuchga kirdi.