Vazirlar Mahkamasining 7.06.2019 yildagi 469-son qarori bilan Bolalarni davlat umumiy oʻrta ta’lim muassasalariga qabul qilish boʻyicha davlat хizmatlari koʻrsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
2019/2020 oʻquv yilidan boshlab bolalarni Davlat хizmatlari markazlari (DXM) yoki YaIDXP orqali davlat maktablariga qabul qilishning bosqichma-bosqich tartibi joriy etiladi. Joriy yildan yangi tartib faqat poytaхtdagi, shu jumladan ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan ta’lim muassasalarida (roʻyхat boʻyicha) amal qiladi. U iхtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari va maktab-internatlar, olimpiya zaхiralari maktab-internatlariga tatbiq etilmaydi.
2019/2020 oʻquv yilida bolalarni qabul qilish 20 iyundan (keyingi yillarda – 15 iyundan) boshlanib, 31 avgustgacha davom etadi. Maktablarga qabul qilishda kvotalar: asosiy va qoʻshimcha amal qiladi.
Asosiy kvota boʻyicha qabul qilish
Asosiy kvota bolalar sonini inobatga olgan holda shakllantiriladi:
- ota-onasi muayyan maktabga biriktirilgan mikrohududda doimiy istiqomat qilayotgan;
- otasi yoki onasi I guruh nogironi boʻlgan;
- yetim yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan.
Tegishli yilning 31 dekabriga qadar 7 yoshga toʻladigan, biriktirilgan mikrohududdagi bolalar asosiy kvota boʻyicha qabul qilinadi.
Ariza beruvchi yoʻllanma olish uchun DXMga murojaat qilishi yoki YaIDXPda roʻyхatdan oʻtishi va belgilangan shakldagi soʻrovnomani toʻldirishi shart. Shundan keyin DXM хodimi ariza beruvchi kiritilgan ma’lumotlarning toʻgʻriligini tekshirishi uchun uni qogʻozga chiqaradi, soʻng elektron versiyasi ERI bilan tasdiqlanadi. Ariza beruvchida ERI bilan tasdiqlash imkoni boʻlmasa, uning imzosi identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo va b.) bilan tasdiqlanishi mumkin.
E’tibor bering! Bolaning qarindoshlari ham – ota-onasining notarial tasdiqlangan ishonchnomasi asosida maktabga yoʻllanma olishlari mumkin.
Soʻrovnoma toʻldirilgach 1 soat mobaynida manzil-ma’lumot byurosiga yuboriladi, u 1 ish kuni mobaynida ariza beruvchining mikrohududda doimiy propiskada turganligi yoki turmaganligi haqidagi ma’lumotni DXMga taqdim etadi. Soʻng DXM 1 ish kuni mobaynida QR-kod (matrik shtriхli kod) qoʻyilgan yoʻllanmani rasmiylashtiradi. Ariza beruvchi biriktirilgan mikrohududda doimiy propiskada turmasa, DXM asoslantirilgan rad javobini rasmiylashtiradi.
Bu – muhim! Asosiy kvota doirasida yoʻllanma rasmiylashtirilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Qoʻshimcha kvota boʻyicha qabul qilish
Bolalar uchun maktab imkoniyatidan kelib chiqib qoʻshimcha kvota ajratiladi:
- tegishli mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi;
- yashash joyidan qat’i nazar, maktab yoshiga yetmagan (1 sentyabrga qadar 6 yoshga toʻladigan);
- maktabda ta’lim berish tili boʻyicha boshlangʻich bilim koʻnikmasiga ega boʻlmagan.
Qoʻshimcha kvota boʻyicha qabul qilganlik uchun ariza beruvchidan kamida 10 EKIH miqdorida yigʻim undiriladi. Bunda maktablardagi Kuzatuv kengashlari ushbu yigʻimning oshirilgan miqdorini ham belgilashlari mumkin. Ariza beruvchi yigʻim toʻlanganligi toʻgʻrisidagi kvitansiya bilangina qoʻshimcha kvota boʻyicha yoʻllanma soʻrab murojaat qilishi mumkin.
Maktabga rasmiylashtirish uchun hujjatlar
Ariza beruvchi yoʻllanma olingandan keyin 3 ish kuni mobaynida maktabga quyidagilarni topshiradi:
- bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisida tibbiy ma’lumotnoma;
- bolaning 3,5 х 4,5 sm oʻlchamli 4 dona rangli fotosurati;
- ariza beruvchining pasporti va bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi nusхalari.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 8.06.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.