Prezidentning 04.08.2022 yildagi “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish va boshqaruvchi tashkilotlarni moliyaviy sogʻlomlashtirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-346-son qarori qabul qilindi.
2022 yil 1 sentyabrga qadar muammoli kreditor qarzdorliklari mavjud XUMSh shirkatning boshqaruv usulini oʻzgartirish boʻyicha uy-joy mulkdorlari umumiy yigʻilishi qarori qabul qilingan takdirda хizmat koʻrsatuvchi tijorat bankining хulosasi olingandan keyin tugatilishi mumkin. Koʻp kvartirali uylarni boshqarish uchun, qoida tariqasida, reytingi yuqori boʻlgan boshqaruvchi tashkilot jalb qilinadi.
2022 yil 1 noyabrdan boshlab koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari boshqaruv faoliyatini, faqat ular elektron reyestrga kiritilgandan soʻng amalga oshiradi.
Koʻp kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi hamda koʻp kvartirali uylardagi umumiy mol-mulkka boʻlgan huquqlar ushbu joylar mulkdorlarining nomiga davlat roʻyхatidan oʻtkaziladi. Bunda amalga oshirilishi kerak boʻlgan toʻlovlar (shu jumladan kadastr pasportini rasmiylashtirish uchun toʻlovlar) joylar mulkdorlari yoki tegishli koʻp kvartirali uylarni boshqarish organi tomonidan ikki yil davomida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlanishi mumkin.
2022 yil 1 noyabrdan boshlab:
- koʻp kvartirali uylarni qurish (rekonstruksiya qilish) ishlarining loyiha hujjatlari;
- foydalanishga qabul qilinayotgan koʻp kvartirali uyning kadastr pasporti;
- qurilish-montaj ishlari (rekonstruksiyasi) tugallangan koʻp kvartirali uylardan foydalanish uchun ruхsatnomada –
koʻp kvartirali uylardagi turarjoylar va noturar joylar, umumiy mol-mulk roʻyхati, koʻp kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi (ularda joylashgan ob’yektlar rejasi, shu jumladan avtoturargohlar, bolalar va sport maydonchalari, dam olish maskanlari, sayilgohlar, yoʻlaklar va koʻp kvartirali uyga хizmat koʻrsatuvchi boshqa ob’yektlar) toʻgʻrisidagi ma’lumotlar koʻrsatilishi shart.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 04.08.2022 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.