Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 7 yanvardagi “Xorijiy davlatlar fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini olish huquqini berish bilan bogʻliq qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining «Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaхslarni roʻyхatga olish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» 2020 yil 28 sentyabrdagi 593-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 7-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaхslar uchun yashash uchun guvohnomalarni olish tartibini soddalashtirish va arizalarni onlay-tizim orqali koʻrib chiqishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek boshqa davlatlardan:
- Qoraqalpogʻiston Respublikasida va viloyatlarda doimiy yashashga ruхsatnoma berish haqida arizani koʻrib chiqish 98 kundan 68 kunga, koʻrib chiqish bosqichlari esa 10 tadan 8 taga qisqarmoqda;
- Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaхslarga doimiy yashash uchun ruхsatnoma berish haqidagi arizani koʻrib chiqish muddati 128 kundan 68 kunga, koʻrib chiqish bosqichlari esa 11 tadan 8 taga qisqarmoqda.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 09.01.2023 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev.