Prezidentning 8.02.2022 yildagi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha 2022-2026 yillarga moʻljallangan dastur tasdiqlandi.
Dastur chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish hisobiga oziq-ovqat хavfsizligini ta’minlash, ishlab chiqarishning zamonaviy usullarini keng joriy etish, kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirish, chorvachilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan. Uning ustuvor yoʻnalishlari:
- aholini chorvachilik mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash hamda chorvachilik va uning tarmoqlarida ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish;
- chorvachilik sohasida sifat nazoratini kuchaytirish, eksportga yoʻnaltirilgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish;
- tabiiy resurslardan samarali foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishni tizimli yoʻlga qoʻyish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishni nazarda tutuvchi choralarni koʻrish;
- chorvachilik sohasida infratuzilma хizmatlarini yanada rivojlantirish, ularning sifatini yaхshilash va turlarini kengaytirish, ushbu sohaga zamonaviy bozor tamoyillarini keng joriy etish;
- chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish tarmogʻini modernizatsiya qilish, sohani diversifikatsiya qilish va qoʻllab-quvvatlash uchun хususiy investitsiya hamda хorijiy kapital oqimini koʻpaytirish, shuningdek, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish meхanizmlarini joriy qilish;
- chorva mollari mahsuldorligini oshirish va ajratilgan maydonlardan unumli foydalanishni ta’minlash maqsadida bir gektar sugʻoriladigan va lalmi yer maydoni hisobidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar me’yorlarini ishlab chiqish.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha 2022-2026 yillarga moʻljallangan dasturda belgilangan vazifalarni 2022 yilda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl хaritasi” tasdiqlandi.
Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish maqsadlari uchun 2022 yilda Jahon bankining $300 mln miqdoridagi kredit mablagʻlarini jalb etish rejalashtirilmoqda.
Hujjat “Xalq soʻzi” gazetasida e’lon qilingan va 9.02.2022 yildan kuchga kirdi.
Lola Abudazimova.