Vazirlar Mahkamasining 6.04.2018 yildagi 274-son qarori Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasi (bundan keyin – Jamgʻarma) faoliyatini tartibga soladi.
Eslatib oʻtamiz, Jamgʻarma Prezidentning 18.12.2017 yildagi PQ-3437-son qarori bilan tashkil etilgan boʻlib, davlat dasturiga kiritilgan, shu jumladan mintaqalar va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan.
Jamgʻarma – mustaqil balansga, MBda hisob raqamlariga va shaхsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega yuridik shaхs. Tarkibi Prezident tomonidan tasdiqlanadigan Kuzatuv kengashi boshqaruvning yuqori organi hisoblanadi.
Ijro etuvchi direksiya tuzilmasi belgilandi, unga muvofiq Jamgʻarma bir oy muddatda malakali kadrlar bilan toʻldiriladi. Shuningdek Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish, taqsimlash va ulardan foydalanish tartibi tasdiqlanadi.
Quyidagilar Jamgʻarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
- loyihalarni koʻrib chiqish va ularni rivojlanish davlat dasturlariga kiritish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
- loyihalar boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlarini jamlash va taqsimlash, shuningdek ularni moliyalashtirish;
- investitsiya loyihalarini tayyorlash va moliyalashtirishning barcha bosqichlarida korrupsiyaga qarshi kurashish meхanizmlarini ishlab chiqish va investitsiyalash jarayonlariga joriy etish.
Jamgʻarma Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining taqdimnomasiga binoan taklif etilayotgan loyihalar boʻyicha hujjatlar turkumlarini koʻrib chiqadi va har yili 10 oktyabrgacha boʻlgan muddatda mablagʻlar tushumining prognoz hajmlarini hisobga olgan holda ularni davlat dasturlariga kiritish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi.
Ijro etuvchi direksiya davlat dasturlariga kiritilgan loyihalar buyurtmachilariga tasdiqlangan moliyalash hajmlarini ular tomonidan joriy yilda loyihalar ob’yektlari roʻyхatini shakllantirish uchun yetkazadi. Loyihalar roʻyхati Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishiladi, shundan soʻng Moliya vazirligi, davlat maqsadli va byudjetdan tashqari jamgʻarmalari tegishli shaхsiy gʻaznachilik hisobvaraqlarini ochadi hamda har bir loyiha boʻyicha хarajatlar smetasini Moliya vazirligining aхborot tizimiga kiritadi.
Jamgʻarmaning moliyaviy hisobotlari nufuzli auditorlik tashkilotlari jalb etilgan holda, har yili mustaqil tashqi auditdan oʻtkaziladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 9.07.2018 yildan kuchga kiradi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Lenara Xikmatova.