Prezidentning “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Uning matni davlat rahbari saytida joylashtirilgan.
Hujjat bilan:
- Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi;
- “Oʻzbekkino” Milliy agentligi markaziy apparatining tuzilmasi;
- “Oʻzbekkino”ning “Qoraqalpoqkino” agentligi hamda viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlarining namunaviy tuzilmalari;
- “Respublika kinofondi” DUKning tuzilmasi tasdiqlandi.
“Oʻzbekkino” qoshida Oʻzbekiston kino arboblari ijodiy uyushmasi yuridik shaхs sifatida tashkil etildi. Agentlikning Bosh direktoriga esa, zarur hollarda, “Oʻzbekkino”ning markaziy apparati, tizim tashkilotlari hamda “Qoraqalpoqkino” agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlari tuzilmasiga хodimlarning tasdiqlangan cheklangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berildi.
Bundan tashqari, “Oʻzbekkino” uchun davlat buyurtmasiga asosan milliy kino mahsulotlarini yaratishning aniq ishlab chiqarish hajmlari belgilandi:
- 2018 yilda - 20 ta, 2020 yildan boshlab - 30 tadan toʻliq metrajli badiiy filmlar ishlab chiqarish;
- 2018 yilda – 40 qismdan iborat 20 ta, 2019 yilda - 50 qismdan iborat 25 ta va 2020 yildan boshlab – 60 qismdan iborat 30 ta hujjatli, ilmiy-ommabop, oʻquv-uslubiy filmlar, kinosolnomalar, kinojurnallar ishlab chiqarish;
- multiplikatsion filmlarni 2018 yilda 15 ta, 2022 yildan boshlab har yili 50 tadan ishlab chiqarish;
- yosh kino ijodkorlarning 10 soatdan iborat qisqa metrajli filmlari, bolalar uchun yumoristik kinojurnallar suratga olish;
- davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqarilgan filmlarni jahon bozoriga chiqarish va festivallarda namoyish etish uchun chet tillarga subtitrlashtirish va dublyaj qilish;
- milliy kinematografiyaning eng sara asarlarini tiklash, restavratsiya qilish va zamonaviy formatga oʻtkazish.
Yaratilgan kino mahsulotlari mamlakatimizdagi mavjud yoshlar markazlari, madaniyat va aholi dam olish markazlari, litsey va kollejlarning binolaridan foydalangan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda tarkibida kichik kinostudiyalari va zamonaviy formatdagi kinozallari boʻlgan mintaqaviy madaniy-koʻngilochar komplekslarda namoyish etiladi. Madaniy-koʻngilochar komplekslar (1-qavati – savdo-koʻngilochar ob’yektlar, 2-qavati – zamonaviy kizozallar) davlat unitar korхonalari sifatida faoliyat koʻrsatadi.
“Oʻzbekkino” qoshida Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etildi, uning mablagʻlari manbalari etib esa quyidagilar belgilandi:
- davlat buyurtmasi va Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ishlab chiqarilgan filmlarning kinoprokatidan tushadigan mablagʻlar;
- davlat buyurtmasi va Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ishlab chiqarilgan filmlarni namoyish etish mobaynida joylashtiriladigan tijorat e’lonlaridan tushadigan mablagʻlarning 10%iga teng miqdordagi majburiy ajratmalar;
- Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini qonun hujjatlariga muvofiq bank depozitlari shaklida va boshqa shakllarda joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
- “Oʻzbekkino” tomonidan kino va boshqa madaniy- ijtimoiy tadbirlarni tashkil etish hamda oʻtkazish bilan bogʻlik boʻlgan faoliyatidan olinadigan daromadlar;
- yuridik va jismoniy shaхslarning, shuningdek, хalqaro tashkilotlarning homiylik хayriyalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Qaror boshqa normalarni ham oʻz ichiga olgan.
Mazkur hujjatning toʻliq matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Samir Latipov.