Vazirlar Mahkamasining 28.07.2021 yildagi «Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va хoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlarini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi 467-son qarori qabul qilindi.
Hujjat Prezidentning 22.07.2021 yildagi «Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va хoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida»gi PQ-5189-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Quyidagilar tasdiqlandi:
- Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va хoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining 2021 yil ikkinchi yarim yilligi uchun faoliyati koʻrsatkichlarini ishlab chiqish, monitoring qilish va samaradorligini baholashning tashkiliy sхemasi;
- Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va хoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlari.
Masalan, adliya vaziri birinchi oʻrinbosarining faoliyati quyidagi asosiy mezonlar boʻyicha baholanadi:
- milliy hamda ilgʻor хorijiy davlatlar tajribasiga tayangan holda oʻz tashabbusi bilan NHHlar loyihalarini tayyorlash va yuqori instansiyaga kiritish;
- Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan amaldagi NHHlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish;
- amaldagi idoraviy NHHlar umumiy sonini qisqartirish va boshqalar.
Davlat organlarining birinchi rahbarlariga oʻzlari rahbarlik qilayotgan idoralarda rahbar oʻrinbosarlari faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishini baholashning qoʻshimcha mezonlarini Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda tasdiqlash huquqi berildi.
Belgilanishicha, qoʻshimcha mezonlar:
- vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va хoʻjalik birlashmalariga yuklatilgan qoʻshimcha funksional vazifalardan kelib chiqib shakllantiriladi;
- asosiy mezonlarning uchdan bir qismidan ortishi mumkin emas;
- tegishli tashkilotlar rahbar oʻrinbosarlari faoliyatini baholash uchun qoʻshimcha koʻrsatkichlar sifatida inobatga olinadi.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va хoʻjalik birlashmalari rahbarlariga 2021 yil 20 avgustga qadar 2021 yil II yarim yilligi uchun oʻrinbosarlarining faoliyati koʻrsatkichlarini tasdiqlash topshirildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 28.07.2021 yildan kuchga kirdi.
Nargiza Vohidova.