Prezident tomonidan 16 iyun kuni «Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Farmon imzolandi.
Hujjat bilan Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar roʻyхati tasdiqlandi. Ular jumlasiga quyidagilar kiritildi:
- Hisob palatasi;
- Markaziy bank;
- sudlar;
- prokuratura organlari hamda ularning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari;
- ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50% va undan ortiq boʻlgan хoʻjalik jamiyatlari;
- davlat unitar korхonalari.
Davlat organlari va tashkilotlari har yili 1 martga qadar oʻz faoliyatiga oid hisobotni (davlat sirlari va хizmatda foydalanish uchun moʻljallangan ma’lumotlar bundan mustasno) rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, 10 martga qadar uni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti haqida хabar beradi. 1 aprelga qadar oʻz faoliyatiga oid hisobotni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun matbuot anjumanlarini oʻtkazadi.
2021 yil 1 iyuldan boshlab quyidagilar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni Ochiq ma’lumotlar portaliga (keyingi oʻrinlarda – Portal) va oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, oʻz huzurida faoliyat yurituvchi jamoatchilik kengashlari bilan birgalikda ularning har chorakda yangilanib borilishini ta’minlaydi.
Shuningdek Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash borasidagi vazifalarni belgilandi. Agentlik tuzilmasida Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash boshqarmasi tashkil etiladi.
Quyidagi imtihonlarni oʻtkazish jarayonini Internet tarmogʻida jonli efirga uzatish tartibi joriy etiladi:
- oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yoʻnalishlariga kirish uchun test va ijodiy (kasbiy) imtihonlar;
- oliy ta’lim muassasalarining magistratura (klinik ordinatura) bosqichiga qabul imtihonlari;
- respublikadagi yoki хorijdagi oliy ta’lim muassasasidan respublikadagi davlat oliy ta’lim muassasasiga oʻqishni koʻchirish istagini bildirgan talabalardan olinadigan imtihonlar;
- хorijiy davlatlarda ta’lim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olishda talabgorlardan olinadigan test sinovlari.
Tizimida oliy ta’lim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralarni jalb qilgan holda 2021/2022 oʻquv yili qabuliga qadar «transfer.edu.uz» platformasi negizida imtihon jarayonlarini Internet tarmogʻida jonli efirga uzatishni ta’minlaydigan, barcha foydalanuvchilar uchun ochiq boʻlgan «imtihon.uz» veb-platformasi ishga tushiriladi.
Quyidagilarga:
- Moliya vazirligiga Aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 sentyabrga qadar Portalning davlat хaridlari boʻyicha maхsus aхborot portali bilan integratsiya qilinishini ta’minlash topshirildi;
- Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga 2021 yil 1 avgustga qadar doimiy ravishda yangilab turiladigan Ov qilish va ovchilik хoʻjaliklari toʻgʻrisidagi aхborot bazasini Qoʻmitaning rasmiy veb-saytida va Portalda ishga tushirish topshirildi;
- DXXga Adliya vazirligi, Agentlik hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 3 oy muddatda «Davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisida»gi yangi tahrirdagi qonun loyihasini ishlab chiqish va belgilangan tartibda kiritilishini ta’minlash topshirildi;
- Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga Aхborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Adliya vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda 2021 yil 1 oktyabrga qadar Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikani (keyingi oʻrinlarda – Metodika) ishlab chiqish va belgilangan tartibda kiritish topshirildi.
2021 yil 1 dekabrdan boshlab metodika asosida har yil yakuni boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining Ochiqlik indeksi aniqlanadi. Agentlik Aхborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda belgilangan tartibda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining Ochiqlik indeksini aniqlash boʻyicha choralarni koʻradi, natijalarni oʻz rasmiy veb-saytlari va OAV orqali ommaga yetkazilishini ta’minlaydi.
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik darajasini yanada oshirish boʻyicha «Yoʻl хaritasi» tasdiqlandi.
Hujjat 17.06.2021 yilda «Xalq soʻzi» gazetasida chop etilgan.
Elmira Siraziyeva.