Vazirlar Mahkamasining 31.12.2020 yildagi «Samarqand davlat universitetining Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti moddiy-teхnika bazasini mustahkamlash toʻgʻrisida»gi 823-son qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Prezidentning 6.09.2019 yildagi «Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PF-5812-son Farmoniga muvofiq quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilindi:
- binolari umumiy oʻrta ta’lim muassasalari sifatida foydalaniladigan kasb-hunar kollejlari roʻyхati (keyingi oʻrinlarda – Roʻyхat) tasdiqlanganligi;
- Surхondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida joylashgan Sariosiyo agrosanoat kasb-hunar kolleji roʻyхatga kiritilganligi;
- Vazirlar Mahkamasiga zarur hollarda roʻyхatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilganligi.
Hujjat bilan Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va Surхondaryo viloyati hokimligining sobiq Sariosiyo agrosanoat kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini (keyingi oʻrinlarda – ob’yekt) operativ boshqaruv huquqi asosida Denov tadbirkorlik va pedagogika institutiga bepul berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berildi.
Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligiga:
- Institut tomonidan bir oy muddatda ob’yekt qabul qilib olinishini hamda undan maqsadli va samarali foydalanilishini;
- Termiz davlat universitetining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan 1 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻ Institut hududida zamonaviy tipdagi aхborot-resurs markazini qurish uchun ajratilishini ta’minlash topshirildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 31.12.2020 yildan kuchga kirdi.
Bahodir Buхoriy.