Moliya vazirligi va DSQning qarori (20.08.2018 yilda 2439-6-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) bilan soliq hisobotining shakllariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Xususan, davlat maqsadli jamgʻarmalariga (DMJ) ajratmalar boʻyicha hisobotning yangi shakllari tasdiqlandi.
DMJga majburiy ajratmalar boʻyicha hisobotning barcha shakllari yangilandi. Bu ilgari ushbu ajratmalar turlari boʻyicha – byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga, Respublika yoʻl jamgʻarmasiga hamda Ta’lim va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash boʻyicha byudjetdan tashqari jamgʻarmasiga – hisobotda aks ettirilganligi bilan bogʻliq.
2018 yil 1 yanvardan ular yagona toʻlov – 3,2%lik stavka boʻyicha davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalarga birlashtirildi (29.12.2017 yildagi PQ–3454-son qarorning 4-bandi). Bunda ayrim korхonalar ularni 1,5%lik imtiyozli stavka boʻyicha toʻlaydilar (29.12.2017 yildagi PQ–3454-son qarorga 24-ilovaga izoh). Yangi hisobot shakllarida DMJga majburiy ajratmalar qoʻllaniladigan stavkalar kesimida aks ettiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 20.08.2018 yildan kuchga kirdi.
Irina Aхmetova.