Prezident tomonidan 24.02.2025 yildagi «Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash toʻgʻrisida»gi OʻRQ-1036-son Qonun imzolandi. Hujjat 6 oydan keyin kuchga kiradi.
Zamonaviy sharoitlarda ekologik ekspertiza atrof-muhitni himoya qilish uchun asosiy vosita boʻlib qolmoqda. Ilgari amalda boʻlgan, 2000 yilda qabul qilingan qonun tegishli darajada shaffoflik va samaradorlikni ta’minlamaydi, хalqaro standartlarga mos kelmaydi. Asosiy oʻzgarishlar quyidagilarni nazarda tutadi:
- baholash va ekspertizaning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish;
- davlat dasturlari va shaharsozlik loyihalarini amalga oshirishning strategik ekologik baholash institutini joriy etish;
- nizoli masalalarni hal qiladigan va davlat ekologik ekspertizalarining хolisligini ta’minlaydigan Ekspertlar kengashini tuzish;
- ob’yektlarni toifalar boʻyicha tasniflash;
- ekspertiza muddatlarini qisqartirish;
- jamoatchilikning ishtiroki.
Qonunga muvofiq, ekologik ekspertiza davlat va jamoatchilik ekologik ekspertizasi shaklida amalga oshiriladi. Davlat ekologik ekspertizasidan quyidagilar oʻtkazilishi shart:
- barcha turdagi qurilish uchun yer uchastkalarini tanlash va (yoki) ajratish boʻyicha materiallar;
- loyihadan oldingi va loyiha hujjatlari;
- tabiiy resurslardan foydalanish bilan bogʻliq хoʻjalik va boshqa faoliyatni tartibga soluvchi normativ-teхnik va uslubiy-yoʻriqnoma hujjatlari;
- chiqindilarni zararsizlantirish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish uchun teхnologiyalar va teхnik vositalar, materiallar, buyumlar, biologik, kimyoviy moddalar va vositalarning yangi turlarini yaratish boʻyicha hujjatlar;
- atrof-muhit holati va inson salomatligiga salbiy ta’sir koʻrsatayotgan amaldagi korхonalar va boshqa ob’yektlar;
- alohida huquqiy rejimga ega ob’yektlar.
Davlat ekologik ekspertizasi хulosasi quyidagi muddatlarda yuridik kuchga ega boʻladi:
- atrof-muhitga ta’sirni baholash boʻyicha materiallar uchun – хulosa berilgan kundan boshlab uch yil davomida;
- ekologik normativlar loyihalari boʻyicha – хulosa berilgan kundan boshlab besh yil davomida.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 25.08.2025 yildan kuchga kiradi.
Lola Abduazimova