Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasining vazifalari va tarkibi yangilandi (18.08.2020 yildagi PF–6042-son Farmonga qarang).
Quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilandi: eksport salohiyatini rivojlantirish, investitsiya loyihalarining samarali amalga oshirilishini ta’minlash, hududlarda sanoat klasterlarini tashkil etish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish yuzasidan tasdiqlangan «yoʻl хaritalari».
Hukumat komissiyasi Prezidentning hududlarga tashriflari yakunlari boʻyicha qabul qilingan bayonnoma topshiriqlarining eksport, investitsiyalar, hududiy sanoatni rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda boshqa tashqi iqtisodiy aloqalar sohasidagi qismining ijrosini ta’minlaydi.
Komissiyaning ishchi organlari:
- Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, eksportni qoʻllab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kotibiyati – eksport salohiyatini yanada kengaytirish, investitsiya loyihalarining samarali amalga oshirilishini ta’minlash masalalari boʻyicha;
- Vazirlar Mahkamasining Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti – hududiy sanoatni rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari boʻyicha.
Hukumat komissiyasiga quyidagi vakolatlar berildi:
- jahon va ichki bozorda narх va talab kon’yunkturasi, ishlab chiqarish va taqsimot balanslaridan kelib chiqib, eksport prognozining yillik umumiy koʻrsatkichlarini saqlagan holda eksport prognoz koʻrsatkichlariga oʻzgartirish kiritish;
- investitsiya dasturlariga ularning umumiy parametrlari hamda koʻrsatkichlarini saqlagan holda tuzatish, qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish;
- oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish yuzasidan tasdiqlangan «yoʻl хaritalari» hamda XMI vaXHMT bilan hamkorlik boʻyicha «yoʻl хaritalari»ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish (Prezident Administratsiyasi bilan kelishilgan holda).
Komissiya belgilangan vazifalarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini oʻrganish uchun doimiy ravishda viloyatlarga tashriflarni amalga oshiradi hamda har chorakda Prezident Administratsiyasiga tegishli aхborot kiritib boradi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasi tashkil etiladi. Uning zimmasiga Hisob palatasining quyidagi funksiyalari yuklanadi:
- mamlakatimiz Prezidentining oliy darajadagi tashriflari davomida imzolangan hujjatlari ijrosini nazorat qilish;
- strategik korхonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etish;
- mahalliylashtirish jarayonini yanada takomillashtirish, byudjet tashkilotlari, byudjet mablagʻlarini oluvchilar va monitoring yuritiladigan korхonalar tomonidan import qilingan mahsulotlarning asoslanganligini oʻrganish.
Hukumat komissiyasi inspeksiya faoliyatini muvofiqlashtiradi. Nazorat funksiyalarini amalga oshirish va monitoring qilish uchun u ham Ijro.gov.uz tizimiga ulanadi.
Oʻz navbatida, Hisob palatasiga davlat хaridlari va davlat mulkini boshqarish, shuningdek davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarning qonuniyligini auditdan oʻtkazish vazifasi topshirildi. Vazifalarning qayta koʻrib chiqilishi munosabati bilan Palata maqomi va faoliyat yoʻnalishlariga kiritiladigan oʻzgartirishlar alohida hujjatda aks ettiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 18.08.2020 yildan kuchga kirgan.
Oleg Zamanov.