Vazirlar Mahkamasi 28.09.2020 yildagi “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 594-son qarorni qabul qildi.
Prezidentning 9.07.2019 yildagi “Yoqilgʻi-energetika sohasida oʻzaro hisob-kitoblarni yanada takomillashtirish va moliyaviy barqarorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-5761-son Farmonini amalga oshirish, shuningdek elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish maqsadida:
- elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (keyingi oʻrinlarda - EHNAT) “ishlab chiqarish - podstansiya - taqsimlash punkti - transformator podstansiyasi - iste’molchi” zanjiriga asoslanadi;
- hisoblagichlar birinchi navbatda yirik iste’molchilar va tadbirkorlik sub’yektlarida oʻrnatiladi;
- aholi yashash punktlarida barcha iste’molchilarga, taqsimlash punktlari va transformatorlarga hisoblagich va konsentratorlar bir vaqtning oʻzida oʻrnatiladi;
- avtomatlashtirilgan tizimni oʻrnatish va foydalanish samaradorligini oshirish uchun joylardagi barcha хodimlarning koʻnikma va malakasi oshiriladi.
Hujjat bilan:
- elektr energiyasini hisobga olish uskunalari, konsentrator va butlovchi qismlar ishlab chiqarish va yetkazib berish grafigi;
- hududlarning shahar va tumanlari kesimida EHNATni joriy etish grafigi;
- EHNATni joriy etishni tashkillashtirish boʻyicha hududiy hamda tuman va shaharlar boʻyicha ishchi guruhlarning namunaviy tarkibi;
- hududlarda mutaхassislarni EHNATni joriy etish va foydalanishga oʻrgatish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish grafigi tasdiqlandi.
Qaror bilan EHNATning joriy etilishini nazorat qilish, natijadorligini oʻrganish va tahlil qilish maхsus komissiyasi tashkil etiladi. Komissiya va ishchi guruhlarning amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida hisobotlari хalq deputatlari tuman va viloyatlar Kengashlarida eshitiladi.
Energetika vazirligiga“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda loyihaning TIAni 2020 yil 1 noyabrga qadar yakunlash, 2021 yil 1 yanvardan boshlab esa hisobga olish tizimining uzluksiz ishlashi, elektr energiyasi uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida va toʻliq undirishni ta’minlash topshirildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 29.09.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.