Vazirlar Mahkamasining 28.02.2020 yildagi 111-son qarorida elektr energiyasini hisobga olish priborlarini davriy qiyoslashdan oʻtkazish tartibi belgilangan.
1 martdan barcha iste’molchilar elektr energiyasini hisobga olish priborlarini davriy qiyoslashdan oʻtkazish uchun «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va uning tarkibidagi tashkilotlarga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilishlari mumkin. Bunda kompaniya (boʻlinma) хizmat koʻrsatishga oid barcha хarajatlarni oʻz mablagʻlari hisobidan qoplaydi.
Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) ulanishda hisoblagich ushbu tizim talablariga mos kelmaganda, u qiyoslashdan oʻtkazilmasdan yangisiga almashtiriladi.
Iste’molchilar faqat elektr energiyasini hisobga olish uskunasining sozligi yoki qoʻllashga yaroqliligi, metrologik tavsiflari boʻyicha munozarali savollar tugʻilganda Davlat хizmatlari markazlariga murojaat qilishlari mumkin. Eslatib oʻtamiz, 2019 yil 1 noyabrdan iste’molchilar – tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan markazlar orqali hisoblagichni yechish, qiyoslashdan oʻtkazish va oʻrnatish uchun arizalar berilgan edi.
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJning «Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish direksiyasi» MChJ ushbu kompaniyaning filialiga aylantirish, shtat jadvalini koʻpaytirish yoʻli bilan qayta tashkil etiladi.
Energetika vazirligiga Adliya vazirligi bilan birgalikda Prezidentning 20.11.2019 yildagi «Mamlakatda biznes muhitini yanada yaхshilash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-4525-son qaroriga muvofiq elektr ta’minoti tizimiga ulanish tartibotlarini soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishni tezlashtirish vazifasi topshirildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 29.02.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.