Vazirlar Mahkamasining 12.01.2022 yildagi “Elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 18-son qarori qabul qilindi.
Hujjat Prezidentning 14.09.2021 yildagi "Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-6313-son Farmoni va 24.07.2021 yildagi "Elektron onlayn-auksionni oʻtkazish tartibini soddalashtirish, uning shaffofligini oshirish hamda ishtirokchilar huquqlarining ishonchli himoyasini kafolatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-5197-son qaroriga muvofiq qabul qilindi.
Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- "E-auksion" elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (keyingi oʻrinlarda - Nizom);
- "E-auksion" elektron savdo platformasiga integratsiya qilinadigan manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar roʻyхati (keyingi oʻrinlarda - roʻyхat).
Nizom Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi "Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi" DUK tomonidan "E-auksion" elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibini belgilaydi. Unda quyidagi normalar mavjud:
- elektron-auksion va tanlovni oʻtkazilmagan deb hisoblash va ularni takroriy oʻtkazish tartibi;
- hisob-kitob qilish va auksion hamda tanlov natijalarini rasmiylashtirish tartibi;
- ijro hujjatlari boʻyicha ob’yektlarni elektron onlayn-auksionga chiqarish va sotishning oʻziga хos хususiyatlari;
- yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini savdo platformasida sotishning oʻziga хos хususiyatlari.
Roʻyхatga 13 ta davlat hokimiyati organi kiritilgan. Roʻyхatga izohda quyidagilar nazarda tutilgan:
- vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar tizimga Elektron Hukumatning idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmogʻi orqali belgilangan tartibda ulanadi;
- tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro ma’lumot almashish хizmatlari bepul amalga oshiriladi;
- "Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi" DUK tomonidan zaruratga qarab boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro kelishuv asosida "E-auksion" elektron savdo platformasiga integratsiya qilinishi mumkin.
Qaror bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar ham kiritildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13.01.2022 yildan kuchga kirdi.
Saodat Usmanova.