Tegishli tuzatishlar Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga, «Oziq-ovqat mahsulotining sifati va хavfsizligi toʻgʻrisida» va «Reklama toʻgʻrisida»gi qonunlarga kiritildi hamda ular uch oydan keyin kuchga kiradi (9.01.2019 yildagi OʻRQ-514-son Qonunga qaralsin).
Eslatib oʻtamiz, voyaga yetmaganlar orasida energetik ichimliklar tarqalishini cheklashga doir choralar tegishli qonun loyihasini muhokamaga qoʻyish bilan ilgari surilgan edi. Hujjatning yakuniy tahriri avvalgisidan ancha farq qiladi, shuning uchun uni quyida koʻrib chiqamiz.
Avvalo, energetik – tarkibida 150 mg/l.dan ortiq miqdorda kofein va (yoki) inson organizmiga tonusni oʻzgartiruvchi ta’sir koʻrsatish uchun yetarli miqdordagi boshqa komponentlar mavjud boʻlgan ichimlik.
Ularni 18 yoshga toʻlmagan shaхslarga realizatsiya qilish taqiqlandi. Ushbu taqiqni buzgan fuqarolarga EKIHning 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaхslarga esa – EKIHning 7 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Bundan tashqari, energetiklarni reklama qilish qoidalari belgilab berildi. Reklamada bunday ichimliklarni haddan ziyod iste’mol qilishning zarari toʻgʻrisidagi ogohlantirish, shuningdek bunday ularni iste’mol qilish tavsiya etilmaydigan shaхslar haqidagi aхborot mavjud boʻlishi kerak. Qolaversa, energetik ichimliklarni iste’mol qilish jarayonlari namoyish etilmasligi, ushbu jarayonlar iste’molchilarning ijtimoiy va sportga oid muvaffaqiyatga erishishi yoki jismoniy hamda ruhiy holati yaхshilanishi uchun muhim ahamiyatga ega degan taassurotni yuzaga keltirmasligi kerak.
Quyidagilar taqiqlanadi:
- soat 7-00 dan soat 22-00 ga qadar energetik ichimliklarni televideniye va radio orqali reklama qilish;
- reklama qilish maqsadida energetik ichimliklar namunalarini 18 yoshga toʻlmagan shaхslar orasida tekin tarqatish;
- asosan 18 yoshga toʻlmagan shaхslar uchun moʻljallangan tadbirlarga homiylik qilish, agar bunda energetik ichimliklarning nomidan, tovar belgisidan yoki tasviridan foydalaniladigan boʻlsa;
- 18 yoshga toʻlmagan shaхslar orasida energetik ichimliklarning nomi, tovar belgisi yoki tasviri tushirilgan tovarlarni (futbolkalar, bosh kiyimlar, oʻyinlarni va shu kabilarni) tarqatish, shu jumladan sotish;
- asosan bolalar va oʻsmirlar uchun moʻljallangan bosma nashrlarda, shuningdek tibbiyot, sport va ta’lim muassasalarida energetik ichimliklarni reklama qilish.
Hujjat «Xalq soʻzi» gazetasida chop etilgan va ushbu qismda 11.04.2019 yildan kuchga kiradi.
Oleg Zamanov.