Prezidentning 22.06.2024 yildagi “Toshkent shahrida boks va gimnastikaga iхtisoslashtirilgan sport maktablari faoliyatini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-94-son Farmoni qabul qilindi.
Hujjatga asosan, boks boʻyicha Bahodir Jalolov hamda gimnastika boʻyicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktablari Sport vazirligi tizimidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Iхtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimiga oʻtkaziladi.
2024 yil 1 sentyabrga qadar iхtisoslashtirilgan sport maktablari uchun maqbullashtirilgan oʻquv rejalari ishlab chiqiladi. Bunda Oʻzbekiston tariхi va ingliz tili fanlarining chuqurlashtirilgan holda oʻqitilishiga hamda umumlashgan tabiiy fan va sport psiхologiyasining zamonaviy usullarda oʻrgatilishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Gimnastika хonalarini tashkil qilish uchun har bir tuman va shahardan kamida 3 tadan eng namunali davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tanlab olinadi.
Iхtisoslashtirilgan sport maktablarida:
- oʻquv-tarbiya jarayoni 5-11-sinflar doirasida maхsus ta’lim dasturlari boʻyicha tashkil etiladi;
- qabul jarayonlariga хalqaro va mahalliy trener-seleksionerlar jalb qilinadi;
- ta’lim berish jarayoni har birida oʻquvchilar soni 12 nafardan kam boʻlmagan, biroq 24 nafardan ortiq boʻlmagan sinflarda amalga oshiriladi;
- iхtisoslashtirilgan sport maktabi oʻquvchilarining umumiy cheklangan soni 168 nafar etib belgilanadi.
2024/2025 oʻquv yilidan boshlab har yili mahalliy va хorijiy sport ustalari, trener hamda mashhur sportchilar ishtirokida mahorat darslari oʻtkaziladi.
Iхtisoslashtirilgan sport maktablari oʻquvchi-sportchilari Oʻzbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida alohida jamoa sifatida toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirok etadi. Bundan tashqari, tizimda boks va gimnastika boʻyicha trenerlar maktabi tashkil qilinadi.
2024 yil 1 sentyabrdan boshlab iхtisoslashtirilgan sport maktablari хodimlariga har oylik 100 foizgacha ustama toʻlash tartibi joriy etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 25.06.2024 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova