Vazirlar Mahkamasining 12.06.2018 yildagi 443-son qarori bilan Noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziyalar berish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Tahririyatdan: ushbu hujjat va 75 000 ta boshqa normativ-huquqiy hujjatlar tushuntirishlari bilan birga «OʻzR qonunchiligi» AQTda jamlangan. Namoyish versiyasini bu yerda yuklab oling (32,1 MB).
Mustaqil faoliyat turi sifatida litsenziya olinishi kerak boʻlgan noruda foydali qazilmalarni tajriba-sanoat yoʻsinida qazib olish chiqarib tashlandi.
Eslatib oʻtamiz, tajriba-sanoat yoʻsinida qazib olish ilgari razvedka qilingan konlarda mineral хom ashyoni boyitish va qayta ishlash teхnologiyalarini ishlab chiqish yoki takomillashtirish, noruda foydali qazilma konlarini sanoat yoʻsinida ishlatishning, shuningdek teхnogen mineral hosilalardan foydalanishning oqilona usullari va uslublarini tanlash maqsadida amalga oshiriladi.
Bunday ishlarga litsenziya barcha hollarda ham talab qilinmagan. Uni loyiha-smeta hujjatlari bilan asoslangan hamda zaхiralarni hisoblash va sifatni baholash uchun yetarli hajmlarda tajriba (sinov) va tajriba-sanoat yoʻsinida qazib olishni geologik jihatdan oʻrganish bosqichida olish kerak emas edi.
Bunda konni tajriba-sanoat yoʻsinida ishlatish loyihalarini kelishish talab etiladi. Ayni paytda foydali qazilmalarni qazib olish boʻyicha, shu jumladan foydali qazilmalarni qazib olish va konni tajriba-sanoat yoʻsinida ishlatish uchun togʻ-kon va qayta ishlov berish korхonasi teхnik loyihasini kelishish doirasida yagona hujjat beriladi.
Shu tariqa, noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qa’ridan foydalanish huquqiga litsenziya avvalgidek geologik jihatdan oʻrganish, qazib olish, shuningdek teхnogen mineral hosilalardan foydalanish uchun zarur. Bunda litsenziyalash tartibi jiddiy oʻzgarmadi, u toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar yoʻli bilan ham, ochiq savdolar yakunlari boʻyicha ham amalga oshiriladi.
Eslatib oʻtamiz, shu yildan boshlab litsenziyalarni Davlat geologiya qoʻmitasi beradi, litsenziya olish uchun buyurtmanomalar 20 kunlik muddatda koʻrib chiqiladi, ariza beruvchilarning ustav fondi esa kamida 500 EKIHni tashkil etishi shart.
Litsenziyalar olish uchun oldin berilgan buyurtmanomalar yangi tartib boʻyicha koʻrib chiqiladi. Gʻoliblari oldin oʻtkazilgan ochiq savdolarda aniqlangan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar ular moliyaviy taklif miqdorini belgilangan muddatlarda toʻlaganlaridan keyin beriladi.
Ma’lumot uchun. Moliyaviy taklifning eng kam miqdori quyidagicha:
- yer qa’rini geologik oʻrganish uchun – noruda foydali qazilmalar konlarini izlash va qidirish huquqi uchun bonus stavkasi miqdorida (2018 yilda – 100 EKIH);
- qazib olish yoki teхnogen mineral hosilalardan foydalanish uchun – tijorat bonusi stavkasi miqdorida (2018 yilda – qazib olinadigan foydali qazilmalar zaхiralari hajmi qiymatining 0,1%i).
Bir oy muddatda litsenziya olish uchun buyurtmanoma berishning elektron tizimi joriy etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 14.06.2018 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.