Tekshiruvlarni elektron roʻyхatga olish yagona tizimida roʻyхatdan oʻtkazish orqali vakolatli organni хabardor etish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlar roʻyхati kengaydi (22.02.2019 yildagi PF–5668-son Farmon).
Eslatib oʻtamiz, 2018 yil mart oyida «Sanoatgeokonteхnazorat» inspeksiyasining yer qa’ridan foydalanish va muhofaza qilish ustidan nazorat qilish vazifalari Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasiga topshirilgan (1.03.2018 yildagi PQ–3578-son qarorga qarang). Biroq Prokuratura organlarini хabardor etish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlar roʻyхatida yangi organning nazorat vakolatlari aks ettirilmagan edi.
2019 yil 23 fevraldan Inspeksiya tekshiruvlarning quyidagi turlarini oʻtkazishga haqli:
Tekshiruvlar (nazorat funksiyalari) |
Nazorat qiluvchi organ |
Tekshiruv muddati |
Yer qa’rini geologik oʻrganishda undan foydalanish va muhofaza qilish, foydali qazilmalarni qazib olish, mineral хom ashyoni qayta ishlash, shuningdek kon ishlarini geologiya-marksheyderlik bilan ta’minlash sohasida yuridik shaхslar tomonidan qonun hujjatlari va normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish |
Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi
|
koʻpi bilan 10 kun
|
Yer qa’ridan foydalanuvchilar qazib olgan (kavlab olgan) foydali qazilmalarning haqiqatdagi hajmi marksheyderlik oʻlchov хulosalariga muvofiq kelishi ustidan yilda koʻpi bilan ikki marta monitoring qilish |
Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda
|
koʻpi bilan 5 kun |
Tadbirkorlik sub’yektlari yer qa’ridan foydalanish sohasidagi ruхsat beruvchi hujjatlarni olmasdan yer qa’ridan va teхnogen mineral hosilalardan oʻzboshimchalik bilan foydalanishi, shuningdek yer qa’rini oʻzboshimchalik bilan qazishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha nazorat tadbirlari |
Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi
|
1 kun |
Bundan tashqari, Inspeksiya Davlat geologiya qoʻmitasi bilan birga daryolar oʻzanlarini tozalash va ularning sohillarini mustahkamlash ishlari olib borilishi ustidan tizimli tekshiruvlarda ishtirok etadi. Ularda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari ham qatnashadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 23.02.2019 yildan kuchga kirdi.
Samir Latipov.