Prezidentning 20.02.2019 yildagi «Qurilish materiallari sanoatini tubdan takomillashtirish va kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori imzolandi. Hujjat matni OʻzAda keltirilgan.
Noruda foydali qazilmalar mavjud boʻlgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyalar, odatda, yer qa’ridan foydalanishning har bir turiga alohida beriladi:
- geologik oʻrganish uchun;
- qazib olish uchun;
- teхnogen mineral hosilalardan foydalanish uchun.
Buning ustiga, amaldagi qoidalarga koʻra bunday litsenziyalarni olishning ikkita usuli mavjud: Davlat geologiya qoʻmitasi bilan olib boriladigan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar natijalariga koʻra va ochiq savdolar asosida (Noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziyalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 25, 26-bandlariga qarang).
Oʻtgan yili noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalarni olish buyurtmalarini koʻrib chiqish muddati 20 kungacha qisqartirilgan (17.01.2018 yildagi PQ–3479-son qarorga qarang).
2019 yil 1 apreldan boshlab noruda foydali qazilmalar mavjud boʻlgan yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini beruvchi litsenziya berish muddati yana ikki baravar qisqartiriladi, biroq faqat geologik oʻrganish uchun. Binobarin, geologik oʻrganish uchun litsenziya ariza kelib tushgan kundan boshlab 10 kundan oshmagan muddatda, qazib olish va teхnogen mineral hosilalardan foydalanish uchun esa, ilgarigidek, 20 kunlik muddatda rasmiylashtiriladi.
Hujjatda litsenziya olishning qaysi usuli (ochiq savdolar asosida yoki toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar natijalariga koʻra, tahr.) haqida soʻz borayotgani aniqlashtirilmaganligi bois tartibga soluvchi nizomga tegishli tuzatishlar kiritilganidan keyingina bu jihat oydinlashadi.
Oleg Zamanov.