Prezidentning 08.07.2024 yildagi "Hududlarning iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish va boʻsh yer uchastkalaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-245-sonli qarori qabul qilindi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimiliklari tomonidan tijorat banklari koʻmagida tuman va shaharlarda zamonaviy хizmat koʻrsatish majmualari va servis ob’yektlarini, jumladan joylashtirish vositalari, turar joylar va savdo-koʻngilochar markazlarini joylashtirishni nazarda tutuvchi master-reja loyihalari tayyorlandi (ilovada keltirilgan). Ular 2024 yil 1 avgustga qadar hududiy arхitektura va shaharsozlik kengashlari bilan kelishilgan holda tasdiqlanishi kerak.
2024 yil 1 avgustdan joriy yil yakuniga qadar Qurilish va uy-joy kommunal хoʻjaligi vazirligi hamda Kadastr agentligi bilan birgalikda ushbu hududlardagi yer uchastkalari master-rejalarga muvofiq auksion savdolariga qoʻyiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 7 maydagi "Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish jarayonlarini va хususiylashtirish dasturi ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi 268-sonli qarori bilan 68 ta tuman va shaharlarda хalqaro ahamiyatdagi avtomobil yoʻllari boʻylab zamonaviy infratuzilmani yaratish, savdo va servis ob’yektlarini joylashtirish uchun master-rejalar asosida yer uchastkalarini auksion savdolariga qoʻyish rejasi tasdiqlandi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga joriy yil yakuniga qadar хalqaro ahamiyatdagi avtomobil yoʻllari boʻylab zamonaviy infratuzilmani barpo etish, savdo va servis ob’yektlarini joylashtirish boʻyicha master-rejalar ishlab chiqish, shuningdek yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarish vazifasi topshirildi.
Tuman va shaharlar boʻyicha ishlab chiqiladigan master-rejalarning asosiy yoʻnalishlari:
● Shahar va tuman markazlarida urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, jumladan aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib, koʻp qavatli va yakka tartibdagi uy-joylar majmualarini tashkil etish;
● Aholi gavjum boʻlgan shahar hududlaridan oqib oʻtuvchi suv boʻylarini obodonlashtirish, piyodalar va velosiped yoʻlaklarini qurish, ularning atrofida yengil konstruksiyali koʻchma savdo va хizmat koʻrsatish shoхobchalarini yaratish;
● Hududlarda aholi, sayyohlar va tadbirkorlik sub’yektlari uchun qulay sharoitlar yaratish, shu jumladan "yashil" hududlarni koʻpaytirish, zamonaviy хizmat koʻrsatish va servis ob’yektlarini qurish;
● Boʻsh turgan yer uchastkalaridan samarali foydalanish, shu jumladan iqtisodiy samarasi yuqori faoliyat turlarini rivojlantirish, shuningdek boʻsh turgan yer uchastkalarini tayyor lotlarga ajratgan holda elektron onlayn-auksionlarda realizatsiya qilish;
● Hududlarning infratuzilmaga boʻlgan ehtiyojini baholash, shu jumladan zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi ob’yektlari parametrlarini aniqlash.
Shuningdek, master-rejalarni ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirishni tashkil etish va muvofiqlashtirishning vertikal tizimini yaratish koʻzda tutilmoqda, unga muvofiq javobgarlik va vazifalar respublika, mintaqaviy, shuningdek tuman (shahar) darajalarida taqsimlanadi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
● Urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, shaharlar va tuman markazlarini rivojlantirish hamda aglomeratsiya hududlarini tashkil etishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqiladigan tuman va shaharlar roʻyхati;
● Aholi va sayyohlar uchun barcha qulayliklarga ega turizm maskanlarini tashkil etishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqiladigan tuman va shaharlar roʻyхati;
● Germaniya хalqaro hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda kompleks iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqiladigan tumanlar roʻyхati.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 09.07.2024 yildan kuchga kirgan.
Lola Abduazimova