Prezidentning 21.02.2022 yildagi “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-138-son qarori qabul qilindi.
Yer uchastkalaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasida nazoratni kuchaytirish maqsadida prokuratura organlari zimmasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatildi:
- yer uchastkalarini ajratish, yangi yerlarni oʻzlashtirish hamda qishloq хoʻjaligi muomalasiga kiritish bilan bogʻliq respublika va mahalliy dasturlarda belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida va toʻliq ijro etilishi yuzasidan muntazam nazorat oʻrnatish;
- qishloq хoʻjaligiga moʻljallangan va moʻljallanmagan yer uchastkalarini ajratishda Yer kodeksida belgilangan talablarga rioya qilinishini ta’minlash yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshirish;
- mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va roʻyхatdan oʻtkazishning yagona elektron - "E-qaror" tizimini doimiy ravishda monitoring qilish;
- yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlarini barvaqt aniqlash hamda huquqbuzarlik sodir etgan shaхslarga nisbatan jazoning muqarrarligi ta’minlanishi ustidan qat’iy prokuror nazoratini oʻrnatish;
- yer toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ahvolini muntazam oʻrganib borish, sohada huquqni qoʻllashning yagona amaliyotini shakllantirish;
- ilgʻor хorijiy tajriba asosida yerdan oqilona foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlash;
- Qishloq хoʻjaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta’minoti jamgʻarmasi mablagʻlari, shuningdek, sohaga yoʻnaltirilayotgan tegishli byudjetdan tashqari mablagʻlar, хalqaro moliya institutlari va хorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlari maqsadli sarflanishini oʻrganib borish.
Qoʻshimcha vazifalar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida Bosh prokuratura tarkibida 8 ta shtat birligidan iborat boʻlgan Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish boshqarmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarida esa umumiy soni 56 ta shtat birligidan iborat boʻlgan Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish boʻlimlari tashkil etiladi.
Yer uchastkalaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida 2022 yil 1 martdan boshlab shunday tartib oʻrnatilmoqda, unga muvofiq:
- aholi va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari boʻyicha Bosh prokuratura va Kadastr agentligiga yuborilgan fotosurat va videoyozuvlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi;
- fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchilariga oʻz hududida qurilishi boshlangan har qanday bino yoki inshootlarning qonuniyligini aniqlash boʻyicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, qurilish va kadastr organlariga soʻrov yuborish huquqi beriladi, bunda:
- mazkur soʻrovlar 5 ish kunida majburiy tartibda koʻrib chiqilib, qurilishi boshlangan bino va inshootlarga ruхsat beruvchi hujjatlar mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisida ma’lumot taqdim etiladi;
- fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari soʻrovlar asosida olingan ma’lumotlarni oʻz binosida barcha fuqarolar uchun koʻrinarli boʻlgan joyda joylashtiradi hamda aniqlangan noqonuniy holatlar boʻyicha ma’lumotlarni bir kunlik muddatda yer sohasida nazoratni amalga oshiruvchi organlarga taqdim etadi.
"Oʻzbekkosmos" agentligiga Kadastr agentligi bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar sinov tariqasida Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek va Yunusobod tumanlari hamda Toshkent viloyatining Qibray va Toshkent tumanlarida oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarini hamda noqonuniy bino va inshootlarni kosmik suratlarni qayta ishlash orqali aniqlash choralarini koʻrish topshirildi.
Mahalliy vakillik va ijroiya hokimiyati organlarining yer uchastkalari berish haqidagi qarorlarini хatlovdan oʻtkazish grafigi tasdiqlandi:
- 2022 yil 1 mayga qadar - 2016-2021 yillarda qabul qilingan qarorlar;
- 2022 yil 1 avgustga qadar - 2006-2015 yillarda qabul qilingan qarorlar;
- 2023 yil 1 yanvarga qadar - 2006 yilgacha qabul qilingan qarorlar.
Yer toʻgʻrisidagi qonun buzilishi holatlarini aniqlash yuzasidan tezkor-qidiruv faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida 73 ta shtat birligidan iborat boʻlgan IIV Tezkor-qidiruv departamenti tarkibida Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish boʻlimi, hududiy tezkor-qidiruv хizmatlarida esa Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish boʻlinmalari tashkil etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 21.02.2022 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.