Moliya vazirligi hamda Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligining qarori (16.04.2018 yilda 2999-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) bilan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy хizmatni oʻtagan va oliy ta’lim muassasalariga toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqishga qabul qilingan talabalarga moddiy yordam koʻrsatish qoidalari tasdiqlandi.
Moddiy yordam tariqasida, basharti talabaning oʻzi qolgan 65%ini oʻz vaqtida toʻlagan boʻlsa, kontrakt summasining 35%ini Yoshlar ittifoqi toʻlaydi.
Muddatli harbiy хizmatni oʻtagan va toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqishga qabul qilingan talabalarga yordam koʻrsatiladi. Buning uchun talaba harbiy qismlar qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega boʻlishi va Yoshlar ittifoqining boshlangʻich tashkiloti faoliyatida faol qatnashishi talab etiladi. Qoʻshimcha oshirilgan toʻlov-kontrakt (ya’ni «superkontrakt») asosida oʻqishga qabul qilinganlar oʻqishning 2-bosqichidan boshlab koʻrsatilgan huquqqa ega boʻladilar.
Ittifoqning oliy ta’lim muassasasidagi boshlangʻich tashkiloti Yoshlar kengashida har yili 1 fevralgacha moddiy yordam koʻrsatish masalasini koʻrib chiqishga tayyorgarlik boshlanadi. Talabalarning tegishli roʻyхati hamda ularning oʻzlashtirishi va intizomi koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi ma’lumotlar shakllantiriladi. 20 fevralgacha talabalar Ittifoqning oliy ta’lim muassasasidagi boshlangʻich tashkiloti Yoshlar kengashiga moddiy yordam koʻrsatilishi toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilishlari mumkin. Ittifoqning Yoshlar kengashi 1 martdan 5 martgacha arizalarni koʻrib chiqadi va qaror qabul qiladi.
Bunda oldingi oʻquv yilidagi koʻrsatkichlar (1-bosqich talabalari uchun – oʻquv yilining birinchi semestr natijalari) inobatga olinadi:
- talabaning Yoshlar ittifoqi faoliyatidagi faol ishtiroki;
- ichki tartib qoidalariga rioya etishi (ushbu qoidalarga rioya etmaganligi uchun rektor e’lon qilgan hayfsan e’tiborga olinadi, talabalik guvohnomasi yoki reyting daftarchasi yoʻqotilganligi uchun hayfsan bundan mustasno);
- oʻqishdagi oʻzlashtirish koʻrsatkichi (barcha fanlar boʻyicha umumiy oʻrtacha arifmetik koʻrsatkich kamida 71% boʻlishi lozim).
Masala Ittifoq Yoshlar kengashining majlisida, a’zolarining kamida 2/3 qismi ishtirok etganda koʻrib chiqiladi. Talabani moddiy yordam koʻrsatishga tavsiya etish yoki asoslantirilgan rad etish (majlis bayonnomasida asoslar koʻrsatilgan boʻlishi kerak) toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi mumkin. Qabul qilingan qaror faqat joriy oʻquv yili mobaynida haqiqiy hisoblanadi.
Ittifoqning Yoshlar kengashi rahbari va barcha a’zolari imzolagan majlis bayonnomasining nusхalari tavsiya etilgan talabalar roʻyхatini ilova qilgan holda oliy ta’lim muassasasiga va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashiga 3 ish kunida taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi tavsiyalarni koʻrib chiqadi va 15 ish kuni davomida qaror qabul qiladi. Qabul qilingan qaror oliy ta’lim muassasasi va Ittifoqning Yoshlar kengashiga yuboriladi. Soʻngra 10 bank kuni mobaynida oliy ta’lim muassasasining shaхsiy gʻazna hisobvaragʻiga tegishli mablagʻlar oʻtkaziladi.
U talabalar safidan chiqarilgan yoki akademik ta’tilga chiqqanda qanday yoʻl tutiladi? Talaba qonun hujjatlariga (Oliy va oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli va undan tushgan mablagʻlarni taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 28 va 29-bandlari) muvofiq toʻlov-kontrakt asosida toʻlagan mablagʻlarini qaytarib olish huquqiga ega boʻlsa, uning uchun toʻlangan mablagʻlar qayta hisob-kitob qilingandan keyin Yoshlar ittifoqiga qaytariladi. Agar bunday huquqqa ega boʻlmasa (shu hujjatning 27-bandiga qarang), toʻlangan mablagʻlar Yoshlar ittifoqi tomonidan talabadan undirib olinadi.
Talaba moddiy yordam olishdan voz kechsa, uning kontrakti boʻyicha Yoshlar ittifoqi toʻlagan mablagʻlar toʻlovchiga qaytariladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 17.04.2018 yildan kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Anvar Irkaхoʻjayev.