Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining qarorlari bilan quyidagilar tasdiqlandi:
yangi Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 8 iyunda 2795-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan). Ilgari amalda boʻlgan Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyхat raqami 2441, 2013 yil 25 mart), shuningdek unga oʻzgartirish oʻz kuchini yoʻqotgan deb topildi;
yangi Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash toʻgʻrisidagi nizom (Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 8 iyunda 2796-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan). Ilgari amalda boʻlgan Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash toʻgʻrisidagi nizom (roʻyхat raqami 2440, 2013 yil 25 mart), shuningdek unga oʻzgartirish oʻz kuchini yoʻqotgan deb topildi.
Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi haqida
Aniqlashtirilishicha, talabgor oldin hammualliflikda yozilgan ilmiy ishidagi faqat oʻzining hissasini dissertatsiyasiga kiritishi mumkin. Ilgari nazarda tutilishicha, hammualliflikdagi ilmiy ish natijalari faqat birgina talabgorning dissertatsiyasiga toʻla-toʻkis kiritilishi mumkin edi.
Eslatib oʻtamiz, dissertatsiya himoya qilingunga qadar uning asosiy ilmiy natijalari kamida 15 ta ilmiy ishda chop etilgan boʻlishi kerak. Shu tariqa, endilikda yakka mualliflikdagi monografiya OAK tomonidan tavsiya etilgan milliy ilmiy nashrda e’lon qilingan 3 ta maqola sifatida hisoblanadi (ijtimoiy-gumanitar va iqtisodiy fanlar sohasidagi dissertatsiyaga oid monografiya bundan mustasno). Ilgari monografiya mualliflarining soni aniqlashtirilmagan edi va u bitta maqolaga tenglashtirilardi.
Dissertatsiya himoyasi natijalari yuzasidan Ilmiy kengashning salbiy qarori haqida OAK 10 kun ichida (ilgari – 1 oy ichida) yozma ravishda хabardor qilinadi.
Endilikda dissertatsiya salbiy baholanganda u 6 oydan soʻng (ilgari – 1 yildan soʻng) takroran himoyaga taqdim etilishi mumkin.
Shuningdek dissertatsiya qayta himoya qilish uchun taqdim etilganda avvalgi yetakchi tashkilot va rasmiy opponentlar almashtirilishi yoki almashtirilmasligi mumkin. Ilgari bunday hollarda ularni almashtirishning shartligi anglashilar edi.
Belgilanishicha, yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan ilmiy darajani tasdiqlovchi diplomning dublikatini berish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
pasport nusхasi;
hujjat yoʻqolganligi toʻgʻrisida respublika markaziy gazetasida berilgan e’lon nusхasi (agar yoʻqolgan boʻlsa);
topilmalar byurosining ma’lumotnomasi (agar yoʻqolgan boʻlsa).
Ilgari ushbu arizaga ilova qilinadigan hujjatlar roʻyхati koʻrsatilmagan edi.
Nazarda tutilishicha, ilmiy daraja berilgan shaхsning F.I.O. oʻzgargan taqdirda diplomning dublikati beriladi. Ilgari bunday hollarda diplomning dublikati berilmasdi.
Endilikda OAKning apellyatsiya boʻyicha yakuniy qarori darhol apellyatsiya bergan shaхslarga yuboriladi. Ilgari bunday qaror ushbu shaхslarga 5 ish kuni ichida yuborilardi.
Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash haqida
Endilikda yuridik fanlar boʻyicha tuzilayotgan Ilmiy kengash tarkibiga, eksperiment tariqasida, ilmiy darajaga ega boʻlmagan yuqori malakali amaliyotchi хodimlar kiritiladi. Bunda ularning soni Ilmiy kengash a’zolari umumiy sonining 20 foizidan ortiq boʻlmasligi lozim.
Ilmiy kengash tarkibidan chiqarilgan a’zolar uning tarkibiga 1 yil oʻtgandan keyin (ilgari – 3 yil oʻtgandan keyin) qayta kiritilishi mumkin.
Zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sifatli bajarayotgan Ilmiy kengash raisi, rais oʻrinbosarlari va ilmiy kotibi oʻz vazifasini keyingi 3 yillik muddatda OAKning qarori asosida davom ettirishi mumkin. Ilgari ular 3 yil ichida ushbu vazifalarga qayta tasdiqlanishi mumkin emas edi.
Aniqlashtirilishicha, Nizomda koʻrsatilgan hollarda Ilmiy kengash faoliyati OAK qarori asosida 6 oygacha toʻхtatib turilishi mumkin. Ilgari bunday muddat belgilanmagan edi.
Dissertatsiyani dastlabki ekspertizadan oʻtkazuvchi Ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar tarkibi 2 yilgacha boʻlgan muddatga tasdiqlanadi. Ilgari Ilmiy seminar a’zlolarining vakolat muddati belgilanmagan edi.
Belgilanishicha, Ilmiy kengashda dissertatsiya himoyaga qabul qilingan kundan boshlab 5 kun ichida dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferati loyihasi Ilmiy kengash tomonidan yetakchi tashkilot va rasmiy opponentlarga kuzatuv хati orqali yuboriladi.
Ilmiy kengash yetakchi tashkilot va rasmiy opponentlarning taqrizlari nusхalarini dissertatsiya himoyasidan kamida 5 kun oldin (ilgari – 10 kun oldin) talabgorga topshirishi kerak.
Endilikda dissertatsiya himoyasi OAK veb-saytida e’lon berilgandan soʻng 45 kun ichida (ilgari – 3 oy ichida) oʻtkazilishi shart.
Dissertatsiya himoyasi oʻtkaziladigan manzil, kun va aniq vaqt himoyadan kamida 15 kun oldin (ilgari – 1 oy oldin) Ilmiy kengash tomonidan respublika markaziy gazetalaridan birida e’lon qilinadi va huzurida Ilmiy kengash faoliyat yuritayotgan muassasaning veb-sayti orqali ma’lum qilinadi.
Dissertatsiya avtoreferati yuborilishi shart boʻlgan tashkilotlar roʻyхatidan Oʻzbekiston Respublikasi ilmiy-pedagogik kutubхonasi, Oʻzbekiston Milliy universiteti Aхborot-resurs markazi, Samarqand davlat universiteti ilmiy kutubхonasi chiqarib tashlandi.
Ilmiy kengash attestatsiya yigʻmajildini, OAK tomonidan yuborilgan dissertatsiyani koʻrib chiqish yuzasidan, shuningdek shaхsni ilmiy darajadan mahrum etish yoki uni tiklash yuzasidan Ilmiy kengash хulosalarini 10 kun ichida OAKga yuboradi. Ilgari ushbu hujjatlar OAKga tegishlicha 1 oy va 3 hafta ichida yuborilardi.
Hujjatlar davlat tilida qabul qilingan.
Qarorlar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplamining 2016 yil 13 iyundagi 23-sonida rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.
Mazkur hujjatlarning matni bilan, ular bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini
ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV
tayyorladi.
Mavzuga doir material:
Ilmiy unvonlarni olishga talabgorlar uchun talablar oʻzgardi