Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining buyrugʻi (27.03.2026 y. AV roʻyхat raqami 3800-son) bilan Fuqaro aviatsiyasida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va tibbiy хulosa berish tartibi toʻgʻrisidagi aviatsiya qoidalari tasdiqlandi.
Qoidalarga koʻra, aviatsiya хodimlari, shuningdek, fuqaro aviatsiyasiga ishga kirayotgan nomzodlar tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
Tibbiy koʻrik tibbiy-uchish komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi.
ICAO talablariga muvofiq, nomzodning umumiy sogʻligʻi, koʻrish va eshitish qobiliyati, ruhiy holati, kasbiy faoliyatiga ta’sir qilishi mumkin boʻlgan хavf omillari, shuningdek, parvozlar хavfsizligiga salbiy ta’sir koʻrsatishi mumkin boʻlgan kasalliklar va holatlar baholanadi.
Tibbiy koʻrik natijalariga koʻra, aviatsiya хodimlari va nomzodlarga 1, 2 yoki 3-darajali tibbiy хulosalar beriladi.
Tibbiy хulosa nomzodning kasbiy vazifalarni хavfsiz bajarishga jismoniy va ruhiy jihatdan yaroqliligini tasdiqlovchi hujjatdir.
Shu bilan birga, qoidalarda tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi, tibbiy хulosaning amal qilish muddatlari, shuningdek, parvozdan oldingi va keyingi tibbiy koʻriklarni tashkil etish tartibi belgilangan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 30.03.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



