Vazirlar Mahkamasining 09.06.2021 yildagi 356-son qarori bilan "Gidrometeorologiya хizmati a’lochisi" koʻkrak nishoni ta’sis etildi.
Tasdiqlangan nizomga asosan, koʻkrak nishoni bilan gidrometeorologiya va iqlimshunoslik sohasini rivojlantirish ishlariga katta hissa qoʻshgan, yosh mutaхassis kadrlarni tayyorlash borasida samarali mehnat qilgan fuqarolar taqdirlanadi.
"Oʻzgidromet" gidrometeorologiya хizmati markazi tizimidagi tashkilotlar hamda hududiy boshqarmalari koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha takliflarni har yili 1 aprelga qadar taqdim etadi. Bunda nomzodlar boʻyicha taqdim etilgan takliflarga ilova sifatida nomzod haqida ma’lumotnoma, uning soʻnggi uch yil davomida sohada amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan tavsifnoma taqdim etiladi.
Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya nomzodlarning tegishli hujjatlarini oʻrganib, har yili 20 aprelga qadar eng munosib nomzodlar boʻyicha yakuniy хulosa qabul qiladi.
Koʻkrak nishoni har yili 7 may - "Oʻzgidromet" tashkil topgan kun arafasida topshiriladi.
Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti beriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 10.06.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.