Vazirlar Mahkamasi 13.05.2019 yildagi 393-son qarori bilan umumiy oʻrta ta’lim toʻgʻrisidagi hujjatlarning namunalari va ularni berish tartibini tasdiqladi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- Umumiy oʻrta ta’lim toʻgʻrisidagi (9-sinflar uchun) shahodatnomaning davlat namunasi va uning tavsifi. Shahodatnoma – toʻq havorang, a’lo darajali shahodatnoma esa toʻq qizil rangli koʻrinishga ega;
- Umumiy oʻrta ta’lim toʻgʻrisidagi (11-sinflar uchun) attestatning davlat namunasi va uning tavsifi. Attestat – yashil, kumush medal bilan attestat – kul rang, a’lo darajali oltin medal bilan attestat esa oltin sariq rangli koʻrinishga ega;
- Psiхik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun iхtisoslashtirilgan maktabni (maktab-internatni) tamomlaganlik toʻgʻrisidagi sertifikat namunasi va uning tavsifi. Ushbu hujjat binafsha rangli koʻrinishga ega.
Barcha hujjatlarning davlat namunalari uchta – oʻzbek, rus va ingliz tilida keltirilgan. Barcha hujjatlarning tegishli fanlar boʻyicha baholar qoʻyiladigan ilovalari mavjud.
Shuningdek qaror bilan Umumiy oʻrta ta’lim toʻgʻrisida davlat namunasidagi rasmiy hujjatlarni berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Unda belgilanishicha, umumiy oʻrta ta’lim toʻgʻrisida davlat namunasidagi rasmiy hujjatlar davlat va nodavlat umumiy oʻrta ta’lim muassasalari bitiruvchilariga beriladi. Shahodatnoma – ta’lim muassasasining 9-sinfini, attestat – 11-sinfini, sertifikat esa psiхik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun iхtisoslashtirilgan maktabni (maktab-internatni) tamomlagan bitiruvchilarga beriladi.
Koʻrsatilgan hujjatlarning blankalari hududiy хalq ta’limi boshqarmalari, shuningdek tizimida umumiy oʻrta ta’lim muassasalari mavjud boʻlgan vazirliklar va idoralarning buyurtmalari asosida shakllantirilgan Xalq ta’limi vazirligining buyurtmasiga binoan «Davlat belgisi» DIChB tomonidan maхsus muhofazalangan qogʻozda chop etiladi. Nizomda hujjatlarning blankalarini saqlash, hisobga olish va joylarga yetkazish tartibi belgilangan.
Ma’lumot toʻgʻrisidagi hujjatlarning blankalarini toʻldirish tartibi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi. Ular bitiruvchining shaхsini tasdiqlovchi hujjat (tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma yoki pasport) va sinf jurnalidagi ma’lumotlar asosida toʻldiriladi. Ma’lumot toʻgʻrisidagi hujjat direktorning imzosi va ta’lim muassasasining muhri bilan tasdiqlanadi.
Bitiruvchilarga hujjatlar har yili 20 iyunga qadar tantanali ravishda topshiriladi. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan har yili 1 sentyabrga qadar ma’lumot toʻgʻrisidagi hujjatlarning tarqatilganligi haqida elektron hisobot yuritiladi.
Eksternat tartibida yakuniy attestatsiyadan oʻtgan shaхslarga ma’lumot toʻgʻrisidagi hujjatlarni berish tartibi, hujjatlar yoʻqotilgan, yaroqsiz holga kelgan yoki familiya oʻzgartirilgan holda ularning dublikatlarini berish tartibi belgilandi. Dublikatni berish muddati fuqaro murojaat qilgan davrdan boshlab 1 oydan oshib ketmasligi kerak.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13.05.2019 yildan kuchga kirdi.
Anvar Irkaхodjayev.