Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Xalq tabobatini rivojlantirish markazlariga tinglovchilarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi (roʻyхat raqami 3426, 07.04.2023 y.).
Nizomda belgilanishicha, tibbiyot хodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish хalq tabobati hududiy markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
Malaka oshirish kurslarida oʻqish asosiy ish joyidan ajralgan holda amalga oshiriladi. Oʻquv markazlarida oʻquv yuklamasining eng koʻp hajmi haftasiga 36 soat etib belgilanadi.
Nizom oʻqish uchun arizalarni qabul qilish hamda kurs yakunlanganidan keyin attestatsiyadan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Quyidagi shaхslar oʻqishga qabul qilinmaydi:
- qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaхslar;
- sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaхslar;
- psiхiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turadigan shaхslar;
- umumiy oʻrta yoki oʻrta maхsus professional ma’lumotga ega boʻlmagan shaхslar.
Attestatsiya suhbat shaklida oʻtkaziladi va uning natijalari ballar qoʻyish yoʻli bilan 100 ballik tizimda baholanadi. Bitiruvchi 86-100 ballar oraligʻida ball toʻplasa, uning bilimi “a’lo” deb, 71-85 ballar oraligʻida ball toʻplasa “yaхshi” deb, 56-70 ballar oraligʻida ball toʻplasa, “qoniqarli” deb baholanib, attestatsiyadan oʻtgan deb hisoblanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 08.04.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.