Davlatimiz rahbari 2019 yil 22 fevralda tegishli qarorni imzoladi.
Eslatib oʻtamiz, shu paytgacha fuqarolarning muddatli harbiy хizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi (SChR) хizmatga chaqirilishi Prezidentning qaroriga asosan yiliga 1 marta – fevral-mart oylarida oʻtkazilgan («Umumiy harbiy majburiyat va harbiy хizmat toʻgʻrisida»gi Qonunning 19-moddasiga qarang).
Joriy yildan boshlab chaqirilish muddatini kechiktirish huquqiga ega boʻlmagan Oʻzbekiston fuqarolari har yili mart-aprel oylarida muddatli harbiy хizmatga chaqiriladi. Tegishincha, 2018 yilda muddatli harbiy хizmatga chaqirilgan, harbiy хizmatning belgilangan muddatlarini oʻtab boʻlganlar 2019 yilning mart-aprel oylarida rezervga boʻshatiladi.
Ilgarigidek, muddatli harbiy хizmatni oʻtashga yaroqli hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etish huquqiga ega boʻlmagan, joriy yil chaqiruv mobaynida Qurolli Kuchlar safiga chaqirilmaydigan fuqarolar SChRga olinadi (batafsil qarang).
Ma’lumot uchun: chaqirilish muddatini kechiktirish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarning toifalari «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy хizmat toʻgʻrisida»gi Qonunning 21-moddasida, undan ozod etilganlar – 22-moddasida koʻrsatilgan.
Oleg Zamanov.