Vazirlar Mahkamasining 10.06.2020 yildagi 369-son qarori bilan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari tasdiqlandi.
Hujjat bilan Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni baholash boʻyicha tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. U vazifalarni, tanlovlar oʻtkazish taomillarini, ishtirokchilar va gʻoliblarni baholash mezonlarini belgilaydi. Tanlovlarni har yili 1 yanvardan 20 dekabrgacha oʻtkazish koʻzlanmoqda.
Tanlov Mudofaa vazirligi tomonidan e’lon qilinadi, shundan keyin harbiy-ma’muriy sektorlar “Temurbeklar”, “Yosh kutkaruvchi” kabi harbiy-sport oʻyinlari, yoshlarning intellektual saviyasi yuksaltirishga qaratilgan ijodiy tanlovlar, kasb-hunar maktablari, kollejlar va teхnikumlarda harbiy vatanparvarlik ruhidagi darslarni oʻtkazadi.
Mudofaa vazirligi amalga oshirilgan tadbirlar toʻgʻrisidagi hisobotni oladi va yil davomida jamlama tamoyili asosida ularni ball tizimi boʻyicha baholaydi.
Baholash mezonlari:
- amalga oshirilgan tadbirlar soni;
- ishtirokchilar soni;
- tuman, viloyat va respublika kesimida tadbirlarni amalga oshirish darajasi va ularni ommaviy aхborot vositalarida yoritilishi;
- natijadorligi (profilaktik hisobdan chiqarilgan kishilar soni hisobga olinadi);
- samaradorligi (yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar sonining kamayganligi);
- yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha materiallarni ishlab chiqish.
25 dekabrga qadar tashkiliy guruh tomonidan yakuniy natijalar chiqariladi, gʻoliblar esa Vatan himoyachilari kuni 14 yanvar arafasida e’lon qilinadi.
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni monitoring qilish va baholash boʻyicha ishchi guruhi tarkibi tasdiqlandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 11.06.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.